Nigerda jangarilarning harbiylarga hujumi vaqtida 60 kishi halok bo‘ldi 

Jahon 01:19 / 12.12.2019 5732

Niger g‘arbida ko‘p sonli jangarilar guruhining armiya lageriga hujumi oqibatida 60 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Niger kuch tuzilmalariga iqtibos keltirgan holda AFP axborot agentligi xabar berdi.   

Ta'kidlanishicha, terrorchilar Mali bilan chegara yaqinida joylashgan lagerni minomyotlardan o‘qqa tutishgan. Ko‘p sonli qurbonlar snaryadlarning o‘q-dori va yoqilg‘i saqlanuvchi omborlarga tegishi bilan bog‘langan. Kuch tuzilmalari vakili qurbonlar harbiylar yoki tinch aholi orasidan bo‘lganiga aniqlik kiritmagan.   

Bu orada Malijet yangiliklar saytining xabar qilishicha, jangarilarning lagerga hujumi oqibatida 70 harbiy halok bo‘lgan, 30 nafari bedarak yo‘qolgan. Sayt olgan ma'lumotlarga ko‘ra, bir necha o‘n jangari lagerga kichik guruhlar bo‘lib yaqinlashib, uni o‘rab olgan. 

Ushbu hujum Niger qurolli kuchlarining Mali bilan chegaradagi pozitsiyalariga joriy haftadagi ikkinchi hujum bo‘lgan. 9 dekabrda terrorchilar Taxuadagi lagerga hujum qilishgan. Ta'kidlanishicha,  to‘qnashuvlar davomida 14 jangari yo‘q qilingan, 3 harbiy halok bo‘lgan.

Oxirgi haftalarda Saxel mintaqasida harakat qiluvchi terrorchilik guruhlari sezilarli faollashgan. Xususan, Mali, Niger va Burkina-Fasodagi hukumat qo‘shinlari pozitsiyalari hujumlarga uchragan. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, ushbu hujumlar muvofiqlashgan holda amalga oshirilmoqda va bu holat Saxel davlatlariga yangi tahdid xavf solayotganidan darak beradi.

Ko‘proq yangiliklar: