Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Namangan viloyatida sohada amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi

Jamiyat 19:00 / 12.12.2019 5476

Vazir o‘rinbosari bu yerda xodimlar uchun yaratilgan sharoit, zamonaviy texnologik qurilmalardan foydalanish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishib, kerakli ko‘rsatmalarni berdi. Safar davomida Pop tumanining qo‘shni Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh qismida xizmat qilayotgan xarbiy xizmatchilar bilan uchrashuv tashkil etildi. 

Shundan so‘ng Pop, Chust, Mingbuloq, Namangan tumanlari Ichki ishlar bo‘limlari hamda Yo‘l xarakati xavfsizligi guruhlarining faoliyati o‘rganildi. Xodimlar bilan uchrashuvlar davomida ularga bugungi kunda ichki ishlar organi xodimi uchun eng birinchi navbatdagi vazifa qat'iy intizom ekanligi tushuntirildi. Xodim berilayotgan vazifa va topshiriqlardan ko‘zlangan chinakam maqsadni yaxshi anglagan holda xizmat qilishi hamda fuqarolarning har bir murojaatini atroflicha o‘rganishi, o‘z oldiga xalq manfaati uchun xizmat qilishni maqsad qilib qo‘yish kerakligi ta'kidlandi.

 Tumanlarda faoliyat olib borayotgan Yo‘l xarakati xavfsizligi guruhlari faoliyati bilan ham yaqindan tanishib chiqqan general-mayor Azizbek Ikramov bu sohada ham ko‘plab yangiliklar amalga oshirilishini, soha zamon talablari, jahon andozalariga mos xizmatga aylantirilishini aytib o‘tdi. Chekka hududlardagi yo‘llarni talab darajasiga yetkazish lozimligi, yo‘l belgilari va yo‘l chiziqlarini o‘z o‘rnida bo‘lishi yo‘l-transport hodisalarini oldini olishning muhim jihati ekanligini aytib, bu borada ham bir qancha topshiriqlar berdi.

Tashrif davomida general-mayor Azizbek Ikramov shuningdek, Patrul post xizmati batal'oni, kinologiya xizmati, vaqtincha saqlash hibsxonalarining holati va ularda tashkil etilgan xizmat jarayonlari bilan tanishdi, Namangan shaxrida yangi qurib bitkazilgan maxsus qabulxona binosining ochilish marosimida ishtirok etdi.  

Namangan shahri markazida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi, soha xizmatlari uchun saf ko‘rigi o‘tkazildi. Unda ishtirok etgan vazir o‘rinbosari safdagi har bir xodim bilan yuzma-yuz suhbatlashib, ularga bugungi kunda oldilariga qo‘yilayotgan vazifalardan ko‘zlangan maqsad haqida atroflicha tushuntirib o‘tdi. 

Ko‘proq yangiliklar: