Husan Hasanov: O‘zbekistonda Islomiy moliya va bankchilikka bo‘lgan qiziqish ortib bormoqda

Iqtisodiyot 17:30 / 12.12.2019 16042

1960-yillarda Misrda islom bank tizimining paydo bo‘lishi olamshumul voqealik emas edi, ammo yarim asrdan ko‘proq vaqt davomida ushbu soha barqaror rivojlanib kelmoqda. So‘nggi yillarda Islom moliya tizimi tushunchasi ko‘plab mamlakatlar moliyachilarining so‘z boyligidan mustahkam o‘rin oldi. Darhaqiqat, turli mamlakatlarda, hattoki aksariyat aholisi islom diniga mansub bo‘lmagan davlatlarda ham, jumladan AQSh va Buyuk Britaniyada, ushbu moliyaviy institut an'anaviy bank xizmatlariga alternativ moliyalash tizimi sifatida barqaror rivojlanmoqda. Shuning uchun islom bankchiligini o‘rganish global iqtisodiyotda dolzarb mavzu hisoblanadi. An'anaviy bank tizimiga alternativ moliyalash shakllari mavjudligini bilish qiziqarli va foydalidir.

Husan Hasanov

Yillik 15-20 foiz o‘sish sur'atiga ega Islomiy bank dunyo bo‘ylab o‘zining ufqlarini kengaytirdi va 75 dan ortiq mamlakatda o‘z muassasalariga ega.

O‘zbekiston Respublikasi Islom Taraqqiyot Bankiga (ITB) 2003 yilda a'zo bo‘lgan. Ushbu qisqa muddatli hamkorlik davomida ITB Guruhining O‘zbekistondagi portfeli ko‘p jihatdan Hukumat bilan faol hamkorlik tufayli jiddiy miqdorda o‘sdi. Bu esa O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyaviy dasturlari qator ustuvor milliy loyihalarining moliyalanishi ma'qullanishida namoyon bo‘ldi. Ayni paytda ITBning O‘zbekistondagi portfeli Markaziy Osiyo hududida eng yirik (1,8 mlrd. dollardan ziyod) hisoblanadi.

UzAnalitycs tahliliy sayti muxbiri Islom Taraqqiyot Bankining O‘zbekistondagi vakili Husan Hasanov bilan ITB va O‘zbekiston banklari o‘rtasidagi hamkorlik hamda respublikada Islomiy moliyalash tizimining rivojlanish istiqbollari haqida suhbatlashdi.

Husan Hasanov 2012 yildan buyon Islom Taraqqiyot Bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasini boshqarib keladi, o‘zbek, rus, ingliz va nemis tillarini biladi, shuningdek, arab tilida fikrlarini ifodalay oladi.

– Islomiy tamoyillarga asoslangan moliyalashtirishning ananaviy bank tushunchalaridan farqi va mohiyati nimada?

– Islomiy moliyalashtirishning ananaviy moliyalashtirishdan asosiy farqi shundan iboratki, islomiy moliya foyda va zararni bo‘lishish hamda real aktivlarga asoslangan moliyalashtirishni o‘zida namoyon qiladi. Boshqacha qilib aytganda, islomiy moliyalashtirish sherikchilikka, hamkorlikka asoslangan. Bunda islomiy banklar mijoz talabi bo‘yicha obektni qurib berishi, asbob-uskunalar, tovar, homashyolar sotib olib berishi yoki ularni ijaraga berishi mumkin. Moliyalashtirish asosida savdo amaliyoti yotadi. Pul muomala vositasi sifatida ko‘riladi, ya'ni pulni o‘zini foizga yoki biron-bir naf/foyda evaziga qarz sifatida berish taqiqlanadi. Ijara yoki islomiy lizingni unga muqobil bo‘lgan an'anaviy lizingga avtomobil sotib olishni solishtiradigan bo‘lsak, an'anaviy bank avval siz bilan lizing shartnomasini tuzadi, keyin 25 foiz yoki bankni ixtiyoriga qarab boshqa miqdorda oldindan to‘lov oladi, keyin mijoz salon bilan avtomobil oldi-sotdi shartnomasiga asosan to‘lovni amalga oshiradi. Keyin yillik 25 foiz (misol tariqasida) miqdorida ustama haqini hisoblab, sizga 3 yilga bir xil to‘lovda oyma-oy to‘lash jadvalini taqdim etadi. To‘lov kechikadigan bo‘lsa, unga nisbatan jarima sifatida komissiya undiriladi va u foydaga kiritiladi.

Islomiy bank esa sizning talabingizga asosan salon bilan avtomobil oldi-sotdi shartnomasini imzolaydi, to‘lovlarni amalga oshiradi, keyin uni sizga ustiga foydasini qo‘ygan holda ma'lum bir muddatga egalik huquqini oxirida o‘tkazib berish sharti bilan ijaraga beradi. To‘lov kechikkan holda jarima olish taqiqlanadi, lekin bu holatni suiiste'mol qilmaslik uchun intizomiy chora sifatida shartnomaga qo‘shishga ruxsat etilgan. Biroq, an'anaviy bank tizimidan farqli o‘laroq bu jarima qo‘llanilgan holatda u foydaga olinmaydi va xayr-ehsonga ishlatib yuboriladi. Ko‘rinib turganidek, birinchi holatda an'anaviy bank sizga pulni foizga beryapti, ikkinchi holatda esa bank sizga o‘z mulkini ijaraga berish orqali foyda qilyapti.

– Islom taraqqiyot bankining O‘zbekiston banklari bilan hamkorligining hozirgi holati haqida gapirib bersangiz.

– Islom taraqqiyot banki guruhi tarkibiga bir qancha tashkilotlar kirib, shulardan Xususiy sektorni rivojlantirish islom korporatsiyasi (XSRIK) va Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi (XISMK) O‘zbekiston banklari bilan hamkorlik qiladi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 21 dekabrdagi 596-sonli qarori bilan O‘zbekiston HSRIKga azo bo‘lgan va 2006 yildan boshlab mahalliy tijorat banklari va tadbirkorlar bilan hamkorlik qilib keladi. Hususan Murobaxa (ustama haqi evaziga sotish) moliyalashtirish usuli orqali tijorat banklariga moliyalashtirish liniyalari ajratilgan. Ushbu liniyalardan O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, qayta ishlash va iqtisodiyotning boshqa sohalarida ishlab kelayotgan korxonalar o‘z faoliyatlarini yanada rivojlantirish uchun foydalanadilar.

Mazkur yo‘nalishda HSRIK shu kungacha 15 ta tijorat banklari va 2 ta lizing kompaniyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan va bugungi kungacha banklarga 285 million AQSh dollari miqdorida moliyalashtirish liniyalarini ajratish ma'qullangan.

Bundan tashqari, XISMK tomonidan tadbirkorlarga qisqa muddatli (1 yil mobaynida qaytariladigan) savdoni moliyalashtirish liniyalari bir nechta mahalliy banklar bilan hamkorlikda taqdim etilmoqda. Bunda ham Murobaxa moliyalashtirish usuli ishlatilib, asosan xomashyo va uskunalar sotib olish uchun mo‘ljallangan. XISMK tomonidan ma'qullangan loyihalar qiymati 82 million AQSh dollarini tashkil etdi.

– Ayni paytda qanday hamkorlik dastur va loyihalari mavjud? O‘zbekistonning qaysi banklari bilan va qanday hajmlarda bunday munosabatlar mavjud?

– Bugungi kunda HSRIKning Aloqabank, Aziya Alyans Bank va Turonbank bilan hamkorlikdagi jami 30 million AQSh dollarlik moliyalashtirish liniyalari mavjud. XISMK tomonidan esa, Aziya Alyans Bank, Kapitalbank, O‘zsanoatqurilishbank va Trastbankga jami 32 million AQSh dollarlik moliyalashtirish liniyalari va Moliya vazirligi huzuridagi jamg‘armaga 50 mln. AQSh dollari ajratilgan.

– Hozirgi kunda O‘zbekistonda islomiy moliyalash tamoyillariga asoslangan bank xizmatlari mavjudmi? Agar shunday bo‘lsa qanday xizmatlar?

– Yuqorida aytib o‘tilganidek, mahalliy banklar yordamida Murobaxa usuli orqali bir qancha loyihalar amalga oshirilyapti, bundan tashqari bir qancha xususiy va aksiyadorlik kompaniyalari orqali Islom tamoyillariga to‘g‘ri keladigan muddatli sotish yoki lizingga asoslangan xizmat turlarini ham taklif etmoqdalar.

Misol uchun, HSRIK homiyligida tashkil etilgan Toiba Lizing kompaniyasi mijozlarga Ijara (islomiy lizing) xizmatini yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, bunda mijozlarga foizsiz Lizing shartnomasi, ya'ni asbob-uskunalarni sotib olishda ularning ustiga kompaniyaning ustama haqini qo‘ygan holda muddatli bo‘lib-bo‘lib berish orqali mablag‘larni qaytarish imkoniyati mavjud. Shu kabi shartlarda, O‘zbek Lizing kompaniyasi va bir qancha xususiy tadbirkorlar avtomobil, ko‘chmas mulk va maishiy texnikalarni muddatli to‘lov asosida sotish xizmatlarini yo‘lga qo‘yganlar.

Islom taraqqiyot banki ham ijara, bo‘lib to‘lab berish sharti bilan sotish va istisno tarzida Hukumat loyihalarini ham moliyalashtirib kelmoqda. Biroq O‘zbekistonda mahalliy tijorat banklari tomonidan shariatga muvofiq moliyalashtirish uslublari mavjud emas. Bunga asosiy sabab O‘zbekistonda islomiy moliyalashtirish uchun zarur bo‘lgan qonunchilikning yo‘qligi va mavjud qonunchilikda bu tizim ishlashi uchun nomutanosibliklarning mavjudligidir.

– O‘zbekistonning qaysi banklari biznes va aholi uchun shu kabi bank xizmatlarini taklif qilmoqdalar?

– Afsuski, hozir kunda mahalliy banklarda bunday xizmatlar mavjud emas va ular asosan foizlarga asoslangan iste'mol yoki ipoteka kreditlarini taklif qiladilar.

– O‘zbekistonda islom bankchiligini rivojlantirish, Islomiy moliyalash tamoyillariga asoslangan kreditlash va boshqa bank xizmatlarini kengaytirish istiqbollarini qanday baholaysiz? Sizning taxmin va mulohazalaringiz nimaga asoslanadi?

– O‘zbekiston aholisining qariyb 90 foizini musulmonlar tashkil qiladi va shu faktning o‘zi O‘zbekistonda Islomiy moliya va bankchilikka bo‘lgan qiziqishning qanchalik katta ekanligidan dalolat beradi. Bilamizki, Islomda sudxo‘rlik, ya'ni pulni foizga berish orqali foyda olish taqiqlangan, an'anaviy bank tizimi esa foizlarga tayanadi. Diniy e'tiqodlarga tayangan, foiz, kredit va shu kabi bank xizmatlaridan foydalanishni istamagan aholi qatlami uchun Islomiy moliyalashtirish tamoyillariga asoslangan bank xizmatlari taklif etilsa, bu O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sishi va ichki investitsiya hajmining ortishiga katta turtki bo‘ladi, deb bemalol ayta olamiz. Bu tizimning joriy qilinishi O‘zbekistonda jamg‘arma va foydalanilmayotgan pul mablag‘larini bank tizimiga jalb qilish, xufiyona iqtisodiyot salmog‘ini kamaytirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga asos bo‘lib xizmat qiladi.

Bu borada aniq malumotlarni keltirish mumkin. Xususan, mening nomzodlik ishim doirasida, oliy o‘quv yurti talabalari va professor-o‘qituvchilari, tadbirkorlar va aholining boshqa qatlami o‘rtasida (jami 700 ga yaqin qatnashchilar) Islom moliyasi va bankchiligi to‘g‘risida fikr va mulohazalarni o‘rganish maqsadida shu yilning boshida so‘rovnoma o‘tkazildi va uning natijalari bo‘yicha shuni ayta olamanki, respondentlarning qariyb 90 foizi O‘zbekistonda Islom bankchiligini yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor yoki bunga ehtiyoj bor deb hisoblaydi. Shu bilan birga ta'kidlab o‘tishim joiz, O‘zbekistonda hali Islom moliyasi va bankchiligi haqida tushuncha va bilimlar yetarli emas, chunki bunday moliyalashtirish usullari hali keng tarqalmaganligi va tashviqot olib borilmaginini asosiy sabab qilib ko‘rsatish mumkin.

– Qay tarzda islomiy bank tamoyillari aholi jamg‘armalarini bank tizimiga jalb qilishga yordam berishi mumkin?

– Islomiy bankning mudoraba (investitsiya) depoziti sheriklar o‘rtasida foyda taqsimlanishi bo‘lib, moliyaviy munosabatlarda ijtimoiy adolatga asoslangan hamkorlikning yaqqol namunasidir. Aynan shu tamoyilning o‘zi aholi jamg‘armalarini Islomiy banklarga, biron bir loyihaga pul qo‘yishi va bundan foyda olishi uchun turtki bo‘lib xizmat qiladi, deb o‘ylayman. Bundan tashqari, islomiy banklarning moliyalashtirish mexanizmlaridan kelib chiqib, shuni ta'kidlash kerakki, aholining moliyalashtirishga muhtoj qatlami ham mablag‘ga ega bo‘lib, undan foyda olishni ko‘zlayotgan tomon ham birdek manfaatdordir.

– Taxminan bir yarim yil oldin, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Islomiy bankchilik tamoyillarini O‘zbekistonda tatbiq etish to‘g‘risidagi qarori loyihasi e'lon qilindi. Ushbu hujjat qabul qilindimi?

– Haqiqatan O‘zbekiston Respublikasi normativ-xuquqiy hujjatlari loyihalarini muhokama qilish portalida ana shunday Qaror loyihasi keng jamoatchilik e'tiboriga havola qilindi. Mazkur Qarorni ishlab chiqish yuzasidan bir qator mahalliy va xorijiy ekspertlar tomonidan fikr va mulohazalar bildirildi, shu jumladan Islom taraqqiyot banki vakillari tomonidan ham bir qator takliflar kiritildi. Jamoatchilik tomonidan bu fikr ma'qullandi va ko‘p qiziqish uyg‘otdi. Lekin afsuski, ushbu Qaror amalda kuchga kirmadi va noma'lum sabablarga ko‘ra portaldan olib tashlandi.

– Kerakli qonunchilik va me'yoriy hujjatlarni qabul qilish bilan bir qatorda, O‘zbekistonda islom bankchiligining rivojlanishida yana qanday muammolar mavjud?

– Islom bankchiligi O‘zbekistonda joriy qilinishining asosiy mezonlaridan biri bu O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, banklar va banklar foaliyati to‘g‘risidagi Qonunlarga, soliq va fuqarolik kodekslariga va boshqa qonunosti hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yoki alohida qonun qabul qilish orqali amalga oshirilishi mumkin. Bundan tashqari, O‘zbekistonda bu sohada kadrlarni tayyorlash O‘zbekiston Xalqaro Islom Akademiyasida 2018 yilda boshlangan edi, lekin 2019 yilda bu yo‘nalish bo‘yicha qabul amalga oshirilmadi. Bu o‘z-o‘zidan mazkur sohada kadrlar yetishmasligini keltirib chiqaradi, ayniqsa Shariat kengashlariga munosib nomzodlar juda kam yoki umuman yo‘q, desa ham bo‘ladi. Shuningdek, bu borada aholining savodxonligini oshirish ham muhim sanaladi, chunki islomiy moliyalashtirish bo‘yicha yetarli bilimga ega bo‘lmagan aholi, uni an'anaviy moliyalashtirishdan farqini tushunib yetmasligi yoki noto‘g‘ri talqin qilinishiga olib keladi.

Ma'lumot uchun: Islom taraqqiyot banki (ITB) 1973 yil 18 dekabrda Islom Konferensiyasi Tashkilotiga (IKT) a'zo mamlakatlar moliya vazirlari yig‘ilishida tashkil etilgan va o‘z faoliyatini 1975 yil oktabr oyida boshlagan.

ITBning bosh ofisi Saudiya Arabistonining Jidda shahrida joylashgan. Shu bilan birga, bankning Rabot (Marokash), Kuala-Lumpur (Malayziya), Olmaota (Qozog‘iston), Dakar (Senegal), Paramaribo (Surinam), Bandung (Indoneziya), Dakka (Bangladesh), Anqara (Turkiya), Kampala (Uganda), Qohira (Misr), Abuja (Nigeriya) kabi shaharlarda 13 ta vakolatxona va 11 ta mintaqaviy markazi mavjud.

Islom Konferensiyasi Tashkilotiga (IKT) a'zo barcha davlatlar ITBga a'zo bo‘lish huquqiga egadirlar. Hozirgi vaqtda Bank o‘ziga 57 a'zo davlatlarni birlashtiradi.  

Bank a'zo mamlakatlarda davlat va xususiy sektor loyihalarini moliyalashtirish bilan shug‘ullanadi. U iqtisodiy va ijtimoiy infratuzilma loyihalariga sarmoya kiritadi, a'zo mamlakatlarga texnik yordam ko‘rsatadi va xalqaro savdoni rivojlantirishga ko‘maklashadi.

ITB Guruhining ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantirish ishlariga yo‘naltirilgan asosiy faoliyati quyidagilardan iborat: infratuzilmani rivojlantirish; institutsional salohiyatni mustahkamlash; a'zo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni rag‘batlantirish; xususiy sektorni rivojlantirish va islom bank-moliya sanoatini qo‘llab-quvvatlash.

Ko‘proq yangiliklar: