Davlat budjetida nimalar o‘zgarmoqda? Moliya vazirligi vakili bilan suhbat

Iqtisodiyot 17:40 / 12.12.2019 37673

Joriy yilning 9 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti 2020 yil uchun davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Bu O‘zbekiston tarixida ilk marta: ya'ni, davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari axborotlar batafsil bayon etilgan holda ilg‘or standartlarga muvofiq tayyorlangan qonun bilan tasdiqlandi.

Shu qonun haqida yanada ko‘proq ma'lumotga ega bo‘lish va qator savollarga javob olish maqsadida Moliya vazirligi boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Sherzod Muhamedov bilan suhbatlashdik.

Sherzod Dilmurodovich, aytingchi, 2020 yilda budjet jarayoni ishtirokchilari o‘rtasida budjet vakolatlari qanday taqsimlanadi?

Savolingiz uchun rahmat. To‘g‘ri, 2020 yildan boshlab davlat budjeti mamlakatimizda ilk bor qonun sifatida tasdiqlandi. Ya'ni ushbu qonunning tasdiqlanishi to‘g‘risida davlat budjeti ishtirokchilarining vakolatlariga sezilarli darajada o‘zgartirishlar kiritilgan. Ya'ni, ushbu qonunda ko‘rishingiz mumkinki, 2020 yildan boshlab davlat budjetining nazorati, davlat budjetini tuzish, davlat budjeti mablag‘larini taqsimlash, tasdiqlash Oliy Majlis palatalari vakolatlariga o‘tmoqda. Shu bilan birga, endilikda davlat budjeti xarajatlari sohalar kesimida emas, vazirlik va idoralar kesimida tasdiqlangan. Shu jumladan, ko‘rishingiz mumkinki, ushbu qonunning 5-ilovasiga muvofiq, respublika budjeti xarajatlari 56ta vazirlik va idoralar kesimida tasdiqlangan bo‘lib, buning ichida ham ushbu vazirlikning joriy xarajatlari (joriy xarajatlar deganda biz vazirlikning ish haqi, unga tenglashtirilgan to‘lovlari, kommunal to‘lovlari, saqlash bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar hamda ushbu vazirlik qoshidagi tashkilotlarning kapital qurilish xarajatlari, ya'ni investitsiya xarajatlari)ni ham alohida ko‘rishingiz mumkin bo‘ladi.

Budjetning qonun shaklida tasdiqlanishiga nima sabab bo‘ldi? Shu haqida ham aytib o‘tsangiz.

— To‘g‘ri. Xabaringiz bor, avvallari bizlarda davlat budjeti prezident qarori ko‘rinishida tasdiqlanar edi. Joriy yildan boshlab ilk marta qonun sifatida tasdiqlanmoqda. O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 22 avgustdagi PQ-3917-sonli qarorida 2020 yildan boshlab davlat budjeti qonun sifatida tasdiqlanishi belgilab qo‘yilgan. Misol uchun, barcha rivojlangan davlatlarda davlat budjeti qonun sifatida tasdiqlanishi o‘rganildi. Ushbu qonunni ishlab chiqish jarayonida xalqaro moliya institutlari, shu jumladan, Xalqaro valuta jamg‘armasi ekspertlari bilan birga ushbu qonun loyihasi ishlab chiqilgan va to‘liq xalqaro standartlar talablariga javob berishi xalqaro ekspertlar tomonidan ham ta'kidlandi.

Davlat budjeti qonun sifatida tasdiqlanishi qanday afzalliklarga ega?

Davlat budjetining qonuni sifatida tasdiqlanishi birinchi navbatda davlat budjeti ijrosida parlament vakolatlarini, ya'ni vazirlik va idoralarning hisobdorligini, davlat budjeti ijrosida endilikda ularning parlament oldidagi, ya'ni Oliy Majlis palatalari oldidagi hisobdorliklarini birmuncha oshiradi. Davlat budjeti mablag‘lari bu xalqning mablag‘laridir. Parlament vakillari, deputatlarimiz esa bu bevosita xalqning vakillari sifatida endilikda ushbu mablag‘larni taqsimlash va kelgusida ushbu vazirlik va idoralardan endilikda ushbu mablag‘lar ishlatilishi to‘g‘risidagi hisobotlarni qabul qilish, ya'ni so‘rab olish huquqiga ega bo‘ladilar.

Sherzod Muhamedov

Qonunda birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchi, ikkinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchi, hududiy budjet mablag‘larini taqsimlovchi kabi tushunchalar bor. Ular haqida ma'lumot bersangiz. Ana shu ishtirokchilarning budjetni amalga oshirishdagi faoliyati qanday kechadi?

— Ushbu qonun bilan budjet tizimimizga birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilar, ikkinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilar va hududiy budjet mablag‘larini taqsimlovchilar kabi tushunchalar kiritilmoqda. Bu qanday tushunchalar? Birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilar bu – ushbu qonunning 5-moddasiga muvofiq tasdiqlangan vazirlik va idoralardir. Har bir vazirlik va idora endilikda birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilar bo‘lib hisoblanadi. Ikkinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilar bu – birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarga biriktirilgan, ularning huzurlaridagi tashkilotlardir. Ya'ni, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi tashkilotlar. Misol uchun, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi tashkilotlarni biz ikkinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilar sifatida ko‘rishimiz mumkin. Hududiy budjet mablag‘larini taqsimlovchilar esa bu bevosita hududlardan, ya'ni mahalliy budjetlardan mablag‘ oluvchi boshqarmalar, tashkilotlar hisoblanadi. Misol uchun, Toshkent shahridan mablag‘ oluvchi Xalq ta'limi boshqarmasi, Sog‘liqni saqlash boshqarmasi yoki Maktabgacha ta'lim boshqarmalari – bular hududiy budjet mablag‘larini oluvchi tashkilotlardir.

Mazkur qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi nomidan va O‘zbekiston Respublikasi kafolati ostida olinadigan tashqi qarzning cheklangan hajmlari belgilandi. Cheklangan hajmlarni belgilash uchun qanday zaruriyat tug‘ildi?

To‘g‘ri, bugungi kunda barcha fuqarolarimizni qiziqtirayotgan va ko‘plab savollar keltirib chiqarayotgan muammo bu mamlakat tashqi qarzi sezilarli darajada o‘sib borishidir. Misol qilib ko‘radigan bo‘lsak, 2017 yilga nisbatan 2019 yil yakuniga ko‘ra tashqi qarzimiz miqdori deyarli ikki baravarga o‘sishi prognoz qilinmoqda. Bu sezilarli darajada tez o‘sishi va kelgusida tashqi qarzni samarali va o‘z navbatida maqsadli ishlatilishi uchun endilikda tashqi qarz miqdoriga birmuncha cheklovlar ham o‘rnatildi. 2020 yilda hukumat tomonidan va hukumat kafolati ostida imzolanadigan shartnomalar miqdori 4 mlrd AQSh dollarida va hukumat dasturlari uchun kelgusida respublika budjetidan qaytarilishi rejalashtirilgan mablag‘larning ishlatilishi, ya'ni o‘zlashtirilishi esa 1,5 mlrd AQSh dollari miqdorida belgilangan. Bu o‘z navbatida tashqi qarz mablag‘larini birmuncha cheklashga va samarali ishlatilishiga sabab bo‘ladi deb o‘ylaymiz.

Budjet to‘g‘risidagi qonun loyihasining muhokamalari davomida senatorlar tashqi qarz hajmining milliy valuta so‘mda emas, AQSh dollarida belgilanganiga e'tiroz bildirishgandi. Qonunning imzolangan variantida bu saqlanib qolgan. Mutaxassis sifatida siz buni qanday izohlaysiz?

Barcha davlatlarda davlat, ya'ni tashqi qarzi AQSh dollarida yuritiladi va bu bizningcha tabiiy holat. Agar tashqi qarz miqdorini kelgusida so‘mda belgilaydigan bo‘lsak, so‘mning AQSh dollariga nisbatan kursi o‘zgarishi tashqi qarzning kelgusidagi prognoz ko‘rsatkichlari bajarilmasligiga, ya'ni investitsiya mablag‘lari yoki xorijdan jalb qilinadigan mablag‘larning rejalashtirilgan ko‘rsatkichlariga o‘zining salbiy ta'sirini ko‘rsatishi mumkin. Shuning uchun, tashqi qarz miqdorlari va ularga chegaralar AQSh dollarida belgilangan.

Ko‘proq yangiliklar: