Yaponiya O‘zbekiston gaz-transport tizimini modernizatsiya qilishda ishtirok etishni rejalashtirmoqda 

O‘zbekiston 15:31 / 10.12.2019 3960

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligida Yaponiyaning Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Byurosi – METI bosh direktori Shino Xosaka boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Vazirlik matbuot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuv O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning dekabr oyida Yaponiyaga amalga oshiradigan tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida tashkil etildi. 

Muloqotda O‘zbekiston tomoni Yaponiyaning Mitsubishi Corporation, Yokogawa Corporation va Marubeni Corporation kabi kompaniyalari bilan istiqbolli hamkorlik o‘rnatilganini ta'kidladi. Qayd etilishicha, mamlakatning bugungi kundagi siyosati ilg‘or texnologiyalarni joriy etish orqali respublikaning energetika sohasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etish uchun ochiqdir.

O‘zbekiston Respublikasining gaz-transport tizimini modernizatsiya qilish Dasturining ikkinchi bosqichida Marubeni Corporation kompaniyasi bilan gaz infrastruktura obektlarida dispetcherlik, nazorat qilish va boshqaruv markazi (SCADA), Yokogawa kompaniyasi bilan esa ASUTP tizimini joriy etishning imkoniyatlari muhokama qilindi.        

O‘zbekiston tomonidan, shuningdek «Navoiy IES» AJda qurilayotgan 4 ta bug‘-gaz qurilmasini, «Sirdaryo IES»da davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida qurilayotgan bug‘-gaz qurilmasi qurilishi kabi loyihalarni moliyalashtirishda hamkorlik qilish taklifi bildirildi. Ushbu loyihalar elektr energetikasi sohasining salohiyatini oshirishga qaratilgan bo‘lib, bu borada ehtiyot qismlar yetkazib berish, doimiy nazoratlar uchun texnik maslahatlar berish, shef-muhandislar tayyorlash hamda bug‘-gaz qurilmalari bo‘yicha masofaviy nazorat o‘rnatish yo‘nalishlarida hamkorlik qilish mumkin.

JICA mablag‘lari hisobidan Yaponiya kompaniyalari bugungi kunda «Navoiy IES» va «To‘raqo‘rg‘on IES»da bug‘-gaz qurilmalarini qurish kabi energetika sohasidagi loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda.

Hozirgi vaqtda «O‘zbekneftgaz» va Mitsubishi Corporation kompaniyasi o‘rtasida taklif etilayotgan loyihalarning istiqbolini o‘rganish asnosida anglashuv Memorandumini imzolash kutilyapti.

Yokogawa Corporation kompaniyasi bilan esa «O‘zbekneftgaz» AJ texnologik jarayonlariga avtomatik boshqaruv tizimlarini joriy etish bo‘yicha anglashuv Memorandumi imzolangan. Ayni paytda tomonlar bu borada bitim imzolashga tayyorgarlik ko‘rmoqdalar. 

Tomonlar O‘zbekiston Respublikasining gaz-transport tizimini modernizatsiya qilish Dasturining ikkinchi bosqichida gaz infrastruktura obektlarida dispetcherlik, nazorat qilish va boshqaruv markazini (SCADA) joriy etishda Marubeni Corporation kompaniyasining ishtiroki imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqmoqdalar.

Ko‘proq yangiliklar: