Senatning 25-yalpi majlisi 14 dekabr kuni chaqiriladi

O‘zbekiston 14:42 / 10.12.2019 5616

2019 yil 10 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi.

Senat axborot xizmatiga ko‘ra, majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma beshinchi yalpi majlisini joriy yil 14 dekabr kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Yalpi majlisda senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi, “Davlat boji to‘g‘risida”gi, “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi, “Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi to‘g‘risida”gi, “Maktabgacha ta'lim va tarbiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarini muhokama qiladilar.

Bundan tashqari, Senat a'zolari notariat tizimining tubdan isloh qilinishi, ba'zi davlat organlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadigan qonunlarni ko‘rib chiqadi.

Senatorlar Surxondaryo viloyati Termiz tumanining chegarasini o‘zgartirish, Termiz shahrining chegarasini kengaytirish hamda ularning chegaralarini tasdiqlash to‘g‘risidagi masalaga ham e'tibor qaratadi.
 
Yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi faoliyati va huquqni qo‘llash amaliyotining holati to‘g‘risidagi axboroti, shuningdek Navoiy viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisoboti eshitiladi.

Senatorlar suv obektlariga oqindi suvlarni oqizish bilan bog‘liq muammolar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalarini ham muhokama qiladi.

Oliy Majlis Senati qo‘mitalari va devonining yigirma beshinchi yalpi majlisga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir ishlarini muvofiqlashtirish maqsadida ishchi guruh tuzildi.

Kengash tomonidan Senat qo‘mitalariga yalpi majlisda muhokama uchun masalalarni tayyorlashda hududiy manfaatlarni himoya qilish, hududlar aholisini tashvishga solayotgan muammolarni ochib berish, shuningdek ularni hal etish bo‘yicha ijro hokimiyati organlari uchun aniq tavsiyalar ishlab chiqish topshirig‘i berildi.

Ko‘proq yangiliklar: