Qondagi xolesterin miqdorini kamaytiruvchi mahsulot ma'lum qilindi

Light 23:10 / 10.12.2019 64543

Health.News nashrining xabar berishicha, Saudiya Arabistoni va Misr olimlari suli urug‘laridan olinadigan ekstrakt qonda anomal ko‘p miqdorda yog‘larga, jumladan yurak va jigar kasalliklariga olib keluvchi xolesterin va triglitseridlarga ega (giperlipidemiya) kalamushlarda lipid (yog‘) almashinuvini yaxshilashi va jigarning normal ishlashini tiklashini aniqlashgan. 

“Katta miqdordagi xolesterin va triglitseridlar arteriyalarning bitib qolishiga, bu esa oxir-oqibat yurak xuruji yoki insultga olib keladi. Xolesterin va triglitseridlarga boy ovqatlanish tartibi jigar faoliyatini buzadi. Bunday ovqatlanish jigarda yog‘ yig‘ilishiga olib keladi, u esa o‘nglanmaydigan zarar yetkazadi”, deyilgan maqolada. 

Shu bilan birga ta'kidlanishicha, xolesterin miqdorini kamaytirish uchun mo‘ljallangan dorilar salbiy ta'sir keltirib chiqarishi mumkin. Shu sababli olimlar bemorlarning holatini yaxshilashi mumkin bo‘lgan “tabiiy” va kamroq ziyon yetkazuvchi davolash usullarini izlaydilar.

Tadqiqot davomida suli urug‘laridan olingan ekstraktning giperlipidemiyaga ega kalamushlarga ta'siri o‘rganilgan. Natijada ushbu ekstrakt qondagi yog‘ miqdorini kamaytirishi aniqlangan. Bundan tashqari, u jigar faoliyatini normallashtirgan. 

Olimlar olingan natijalarga asoslanib, suli urug‘laridan olingan ekstrakt giperlipidemiyaga davolovchi ta'sir ko‘rsatishi va qondagi xolesterin miqdorini kamaytirishda qo‘llanishi mumkinligi haqidagi xulosaga kelishgan.

Ko‘proq yangiliklar: