Moskvaga 18 yil merlik qilgan Yuriy Lujkov vafot etdi

Jahon 14:26 / 10.12.2019 29693

ReN TV ma'lumotiga ko‘ra, Lujkov Myunxendagi klinikalardan birida olamdan o‘tgan. Bu yerda uning yuragida jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi rejalashtirilgandi.

Yuriy Lujkov 1992 yildan 2010 yilga qadar Rossiya poytaxtini boshqargandi.

Lujkov 1992 yil iyunida Gavriil Popovdan keyin Moskvaning ikkinchi meriga aylangandi. U shaharni 18 yil davomida boshqardi. 2010 yil sentyabrida o‘sha vaqtda RF prezidenti bo‘lgan Dmitriy Medvedev uni «ishonchni yo‘qotgani» uchun ishdan bo‘shatgandi. U 2016 yilda «Vatan oldidagi xizmatlari uchun» 4-darajali unvoni bilan taqdirlangan. 

Iste'fodan keyin Lujkov Kaliningrad oblastida biznes bilan shug‘ullandi, uning rafiqasi, milliarder tadbirkor Yelena Baturina Yevropaga ko‘chib o‘tdi.

Lujkov 1936 yil 21 sentyabrida Moskvada tug‘ilgan. 1958 yilda Gubkin nomidagi Moskva davlat neft va gaz institutini «muhandis-mexanik» yo‘nalishida tamomlagan. U 1975 yilda Babushkin rayoni kengashi deputati bo‘lgan, ikki yil o‘tib Moskva kengashiga saylangan. 1987 yildan 1990 yilgacha u RSFSR Oliy kengashi deputati bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: