Farg‘onalik sudyalarga nima bo‘ldi? Hokimlar ta'siridan chiqa olmayotgan sudyalarning qarorlari Oliy sudda sinmoqda

Jamiyat 08:51 / 10.12.2019 37208

Kecha, 9 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani hokimi I.Novikov jabrlanuvchi, chorvador fermer esa huquqbuzar sifatida o‘tgan ma'muriy ish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilindi. Voqea tafsilotlari o‘quvchiga tushunarliroq bo‘lishi uchun moziyga qaytamiz.

 2019 yil 15 mart kuni Kun.uz saytida, Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani hududida faoliyat yurituvchi «Olimboy hoji» chorvachilik fermasidagi muammolar haqida ilk maqola e'lon qilindi.

 Unda fermer xo‘jaligi manzilli dastur asosida 2018 yili Germaniya davlatidan, har birining narxi 2070 yevro bo‘lgan 99 bosh naslli qoramol olib kelgani, biroq tuman hokimligi tomonidan ozuqa yetishtirish uchun giyoh ham o‘smaydigan, nobop yer maydoni berilgani, buning oqibatida ozuqa-yem taqchilligi yuz berib, qoramollar nobud bo‘la boshlagani bayon qilingan edi.

Maqola e'lon qilingach, Qo‘shtepa tumani hokimi I.Novikov tuman IIB boshlig‘iga ariza bilan murojaat qilib, go‘yoki «Olimboy hoji» chorvachilik fermer xo‘jaligi rahbari Abdumannob Qosimov naslli mollarining o‘limiga ozuqa yetishmasligi, unga qumloq joydan yer ajratilgani va boshqa vajlar bilan unga nisbatan tuhmat qilganidan arz qiladi.

 Ishni yarim-chala o‘rgangan va kimsan Qo‘shtepa hokimi I.Novikovning chizgan chizig‘idan chiqib keta olmagan IIB profilaktika inspektori esa «o‘z vazifasini a'lo darajada uddalab», A.Qosimovni tuman hokimiga nisbatan tuhmat qilganlikda aybli deb topadi va ishni ma'muriy sudga oshiradi.

 Qo‘shtepa tumani ma'muriy sudi mazkur ishni 22 may kuni ochiq sud majlisida ko‘rib chiqib, A.Qosimovni hokim I.Novikovga tuhmat qilgan deb topadi va eng kam ish haqining 2 baravari miqdorida ma'muriy jarima qo‘llaydi.

 Chorvadorning Qo‘shtepa ma'muriy sudi qaroridan norozi bo‘lib yozgan shikoyatini viloyat ma'muriy sudi kassatsiya instansiyasi ko‘rib chiqadi va joriy yilning 7 avgustidagi qarori bilan dastlabki qarorni o‘zgarishsiz, o‘z kuchida qoldiradi.

 O‘zining haqligiga ishongan A.Qosimov adolat istab Oliy sud ostonasiga bosh uradi.

 Ish tafsilotlarini har tomonlama va xolis ko‘rib chiqqan Oliy sud sudyasi M.Nazarov joriy yil 9 dekabr kuni adolatli qaror qabul qildi. Unga ko‘ra, Qo‘shtepa tuman va Farg‘ona viloyat ma'muriy sudlarining qarorlari bekor qilinib, MJtKning 271-moddasi 1-qismiga asosan A.Qosimovning harakatlarida ma'muriy huquqbuzarlik alomatlari yo‘q deb topildi va unga nisbatan ma'muriy huquqbuzarlik holati tugatildi.

 Ta'kidlash joizki, Oliy sud tomonidan qabul qilingan mazkur qaror so‘nggi bir oy ichida aynan farg‘onalik sudyalar tomonidan yo‘l qo‘yilgan xatolarning tuzatilishi bilan bog‘liq ikkinchi holatdir.

Eng achinarlisi, har ikkala holatda ham jabrlanuvchi taraf shaxsan davlat rahbari yelkasida ko‘tarib yurishga tayyor bo‘lgan, xalqning koriga yarovchi tadbirkorlar bo‘lsa, da'vogarlar mahalliy hokimlardir.

 Umid qilamizki, bugun Oliy sud qabul qilgan qaror tuman va shaharlar sudlari sudyalari uchun tegishli signal vazifasini o‘taydi va mahalliy hokimlarning ta'siri ostidan chiqib, mustaqil qarorlar qabul qilish vaqti yetib kelganiga yana bir bor ishora bo‘lib xizmat qiladi.

 Jurnalist Elmurod Ermatov, Farg‘ona

Ko‘proq yangiliklar: