Britaniyalik lord: «O‘zbekistonda saylov adolatli o‘tgani haqidagi hisobotlarni kutib qolamiz»

O‘zbekiston 20:31 / 10.12.2019 5309

6 dekabr kuni O‘zbekistonning Londondagi elchixonasida «O‘zbekistondagi islohotlar va parlament saylovlari» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Kun.uz muxbiri anjuman qatnashchilarining mavzu yuzasidan fikrlari bilan qiziqdi.

Piter Lilley, Buyuk Britaniya parlamentining Lordlar palatasi a'zosi:

– Hozirda O‘zbekistonda bo‘layotgan islohotlarga hamda kutilayotgan saylovlarga e'tibor juda yuqori. Buni albatta ijobiy holat sifatida baholash mumkin. Biz Tashqi ishlar vazirligi qoshidagi Yevropa va Amerika mintaqalari bo‘yicha mas'ul sobiq vazir ser Alan Dunkanni kuzatuvchilar safida borishiga kelishib oldik. U boshqa kuzatuvchilar kabi saylovni kuzatish, ovoz berish jarayonida maxfiylikning ta'minlanishi, ovozlar hisob-kitob qilinayotganda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmasligi hamda partiya vakillari o‘rtasida erkin munozaralar tashkil etilishiga e'tibor qaratadi.

Biz kuzatuvchilardan saylovlarning adolatli tashkil etilganligi to‘g‘risidagi hisobotlarni kutib qolamiz.

Piter Lilley

Saylovlar mamlakatning jahon hamjamiyatiga ochilib borishida,  fuqarolar siyosiy faolligini oshirishda va xorijiy tadbirkorlar o‘z faoliyatlarini mamlakat bilan bemalol hamkorlikda davom ettirishini kafolatlashda ishonchli vosita hisoblanadi. Shundan kelib chiqib aytishim mumkinki, bu – O‘zbekistonning ochiqlik siyosatini namoyon qilishida asos bo‘lib xizmat qiladi.

Demokratik jamiyatni shakllantirishga yuzlab yillar ketadi aslida.  Sizning mamlakatingiz bu jarayonni tezlashtirishga intilmoqda. Umid qilamanki, O‘zbekiston fuqarolarining ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda ish ko‘ruvchi yetuk davlat sifatida shakllanadi; demokratik jamiyatning asl mohiyati ham aynan shunda, deb o‘ylayman.

Ser Alan Dunkan, britaniyalik sobiq vazir va parlament a'zosi:

– Fikrimcha, tadbir juda sermahsul o‘tdi. Ayni vaqtga kelib ko‘plab odamlar O‘zbekistonning yanada ijobiy tomonga o‘zgarayotganiga,  islohotlarning bardavom ekanligiga hamda mamlakatning jadal sur'atlarda rivojlanishiga ishonch bildirmoqda. Yurtingizda dekabr oyida bo‘lishi kutilayotgan parlament saylovlari oldidan bugungi matbuot anjumanining tashkil etilishi juda ham yaxshi bo‘ldi, deb o‘ylayman.

Ser Alan Dunkan

Saylovlarga nafaqat siyosiy voqelik sifatida, balki mamlakatning keyingi taqdirini belgilab beruvchi, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar oqimini yo‘naltiruvchi, so‘z erkinligini ta'minlovchi jarayon sifatida qarash kerak.

Kuzatuvchi sifatida saylovlarda tabiiy ravishda e'tibor beradigan jihatim, albatta, odamlarning ovoz berishi va ushbu ovozlarning to‘g‘ri hisob-kitob qilinishi, bundan tashqari shakllanayotgan siyosiy jarayonga bevosita guvoh bo‘lishdan iborat.

Eldor Tulyakov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi rahbari:

Kutilayotgan parlament saylovlarida ilgari surilayotgan g‘oyalar va tashabbuslarning amaliyotga tatbiq etilishini nazorat qila oladigan, yuqori salohiyatga ega deputatlar saylanishi tarafdorimiz. Buni hozir xalq kutyapti.

Bu yilgi saylovlarda O‘zbekistonga 600dan ortiq kuzatuvchilar tashrif buyurishadi – oldin hech qachon bunday bo‘lmagan. Ulardan 300dan ortig‘i – Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti kuzatuvchilaridir.

Eldor Tulyakov

Uzoq va qisqa muddatli kuzatuvchilar kelishyapti. Uzoq muddatli kuzatuvchilar hozir O‘zbekistonda. Qisqa muddatli kuzatuvchilar esa saylovlarga 2-3 kun qolganda kelib, 1-2 kundan keyin ketishadi.

Ta'kidlash lozimki, O‘zbekistonga taklif qilingan va o‘z xohishi bilan kuzatuvchi sifatida kelayotganlar qatori va qamrovi juda keng. Dunyoning turli chekkalaridan – Amerikadan, Yevropaning turli mamlakatlaridan, MDH davlatlaridan, Osiyoning yirik davlatlaridan kelishmoqda.

Shu jumladan, Buyuk Britaniyadan ham bir qator ekspertlar qatnashadi. Bank muassasalaridan vakillar va nufuzli siyosatchilar shular jumlasidandir.

Bu yilgi saylovlarda «aql markazlari»dan ham («Think Tank») vakillar qatnashmoqda. Ularning ishtiroki O‘zbekistonda bo‘layotgan islohotlar haqida o‘z yurtlariga ham yetkazishga yordam beradi. Ular o‘z ko‘zi bilan saylovlar qanchalik adolatli o‘tganini ko‘rishadi va bunga baho berib, o‘zlari emin-erkin o‘z mamlakatlariga ma'lumot yetkazib berishadi. Bu, albatta, xalqaro maydonda O‘zbekistonning saylovlarni o‘tkazish borasidagi obro‘siga ijobiy hissa qo‘shadi, degan umiddamiz.

Ko‘proq yangiliklar: