Bashar Asad Suriyadagi urushga olib kelgan sabablarni aytib o‘tdi

Jahon 08:40 / 10.12.2019 18032

Suriya prezidenti Bashar Asadning ta'kidlashicha, Suriyada urush boshlanishiga hukumat o‘nlab yillar davomida ekstremistlarga nisbatan “o‘ta sabr-toqatli” bo‘lgani olib kelgan. Asad urushning ikkinchi sababi sifatida mamlakatda urush boshlanishigacha qo‘lga olinmagan 50 mingdan ko‘proq jinoyatchi bo‘lganini aytgan. Asad bu fikrlarini RaiNews24 italyan telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tgan.

Asad telekanal boshlovchisining u davlatni boshqarish davomida biror xatoga yo‘l qo‘ygani haqidagi savoliga Suriya hukumati urush boshlangandan 9 yildan keyin ham avvalgi siyosatga amal qilishini va uni yanglish deb hisoblamasligini aytdi.

Uning ta'kidlashicha, Suriyadagi urush ungacha bo‘lgan voqealar, jumladan mintaqada 1960-yillarda paydo bo‘lgan va 1980-yillarda “jadallashib ketgan” ekstremizm oqibati bo‘lgan.

“Biz bu xavfli masalada o‘ta sabr-toqatli bo‘lganmiz. Bu biz o‘nlab yillar davomida sodir etgan katta xato hisoblanadi. Men bunda o‘zimgacha bo‘lgan turli hukumatlar, jumladan o‘zimni nazarda tutmoqdaman”, deb aytgan Asad.

Asadning fikricha, Suriyadan Yevropa Ittifoqiga qochqinlarning oqib kelishi muammosi Yevropa “terrorchilarni qo‘llab-quvvatlagani” sababli yuzaga kelgan. 

Suriya prezidentining aytishicha, Yevropa “Suriyadagi alg‘ov-dalg‘ovlikni yuzaga keltirishda asosiy ishtirokchi bo‘lgan”. Uning ta'kidlashicha, Yevropa Ittifoqi davlatlari Suriya hukumatiga qarshi kurashish maqsadida “terrorchilik guruhlarini qurol bilan ta'minlagan”. Aynan shu harakatlar Suriyani millionlab odamlar tark etishiga sabab bo‘lgan.

Intervyu namoyishi italyan telekanali tomonidan bir necha bor qoldirilgach, u Suriya telekanallari orqali ko‘rsatildi. Asad matbuot xizmatining ta'kidlashicha, namoyishning qoldirilishiga G‘arbning Suriya haqidagi haqiqatni yashirish istagi sabab bo‘lgan. Italiya ommaviy axborotlari esa buni telekanal rahbariyatidagi ichki nizolar bilan bog‘lashgan.

Ko‘proq yangiliklar: