12 dekabrdan muddatidan oldin ovoz berish jarayoni boshlanadi – MSK

O‘zbekiston 16:15 / 10.12.2019 8085

Saylov kunida o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchilar 12 dekabr kuni soat 09:00dan 18 dekabr soat 18:00ga qadar muddatidan oldin ovoz berishi mumkin bo‘ladi. Bu haqda 10 dekabr kuni Xalqaro matbuot markazida bo‘lib o‘tgan brifingda Markaziy saylov komissiyasi (MSK) raisi o‘rinbosari Mahmud Istamov ma'lum qildi.

Foto: Xalqaro matbuot markazi

«Saylov kodeksining 57-moddasiga muvofiq muddatidan oldin ovoz berish saylovga o‘n kun qolganida boshlanadi va saylovga uch kun qolganida tugallanadi. Ya'ni, 12 dekabr kuni soat 09:00dan boshlanib, 18 dekabr soat 18:00ga qadar o‘tkaziladi.

9 dekabrga qadar barcha saylov okruglariga va uchastkalariga saylov byulletenlari yetkazib berildi. O‘z navbatida, muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish maqsadida barcha saylov uchastkalariga okrug saylov komissiyasi rahbarlari tegishli byulletenlar yetkazib berilishini ta'minlash zarur», deya MSK raisi o‘rinbosari Mahmud Istamovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Brifingda ta'kidlanishicha, saylovchi muddatidan oldin ovoz berish uchun saylov kuni yashash joyida bo‘la olmasligining sabablari (ta'til, xizmat safari, xorijga chiqish va hokazo) ko‘rsatilgan ariza bilan uchastka saylov komissiyasiga murojaat qilishi talab etiladi. Saylovchidan saylov kunida bo‘la olmasligining sabablarini tasdiqlovchi qo‘shimcha hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.

Tadbirda muddatidan oldin ovoz beruvchi saylovchilarning huquqlarini ta'minlash maqsadida saylovchilar sonining 5 foizi miqdorida, jami 936 mingdan ortiq saylov byulletenlari tayyorlanib, saylov uchastkalariga to‘liq yetkazib berilgani, 10251ta saylov uchastkasi muddatidan oldin ovoz berish uchun to‘laqonli tayyorligi ma'lum qilindi.

Mahmud Istamov xorijda muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga ham to‘xtalib o‘tdi.

«Respublikamizning xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxona va konsullik idoralarida tuzilgan 55ta saylov uchastkasida muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rildi. Xorijdagi saylov uchastkalari saylov jihozlari, xususan saylov kabinalari va qutilari, nomzodlarning tarjimai holi va dasturi aks etgan plakatlar, xorijda ovoz berish tartibini tushuntiruvchi flayerlar, kanselyariya mollari, davlat ramzlari, zarur miqdorda saylov byulletenlari bilan to‘liq ta'minlandi.

12 dekabrdan boshlab, xorijdagi uchastka saylov komissiyalarimiz saylovchilar zich yashaydigan, ishlaydigan yoki o‘qiydigan joylarda ko‘chma saylov qutilarida muddatidan oldin ovoz berishni tashkil qiladilar. Xorijdagi muddatidan oldin ovoz berish vaqti va joyi to‘g‘risidagi ma'lumotlar Tashqi ishlar vazirligi, diplomatik va boshqa vakolatxonalarning rasmiy veb-saytlarida e'lon qilinadi», deydi Mahmud Istamov.

MSK raisi o‘rinbosari xorijda bo‘lib turgan barcha o‘zbekistonliklarga murojaat qilib, saylovda faol ishtirok etishga chaqirdi va xorijda yashayotgan O‘zbekiston fuqarolari saylovchilar ro‘yxatiga oid savollari bo‘yicha Markaziy saylov komissiyasining +998 55 502 44 44 raqamli ishonch telefoniga xorijdan turib murojaat qilishlari mumkinligini bildirdi.

Ko‘proq yangiliklar: