Rossiya sportchilari yirik musobaqalardan chetlatildi. Futbolni nima kutmoqda?

Sport 22:51 / 09.12.2019 29866

Butunjahon antidoping agentligining (WADA) Rossiya sportchilarini Olimpiada va jahon chempionatlaridan chetlatish haqidagi qarori futbolgayam taalluqlidir. Bu haqda «Chempionat.ru» nashri tahliliy maqolani e'lon qildi.

Avvalroq, WADA ijro qo‘mitasi Rossiya sportchilarini o‘z bayrog‘i va madhiyasi ostida to‘rt yil muddatga yirik xalqaro musobaqalarda ishtirok etish huquqidan mahrum qilgan edi. Bunga Rossiya tomonidan navbatdagi doping qoidabuzarliklariga yo‘l qo‘yilishi sabab bo‘ldi.

WADA qarorining futbolga aloqador muhim jihati – Rossiya milliy jamoasi Yevro-2020 turnirida ishtirok etadi. Shuningdek, musobaqaning Rossiyada o‘tkaziladigan qismi o‘zgartirilmaydi. Ammo 2022 yilgi jahon chempionatida Rossiya milliy jamoasi bo‘lmaydi.

Yevro-2020: Rossiya milliy jamoasi ishtirok etadi

WADA o‘z qaroriga bergan tushuntirishda Yevro-2020 musobaqasi UYeFA qaramog‘idagi turnir ekanini va bu tashkilot WADA kodeksini imzolamaganini qayd qildi. Bundan tashqari, turnir ham hududiy ahamiyatga ega bo‘lib, major evens (muhim musobaqalar) toifasiga kirmaydi. Demak, Yevro-2020 o‘yinlarining Rossiyada o‘tkazilishiga va Rossiya milliy jamoasining bu turnirda ishtirok etishiga hech qanday to‘siq yo‘q. Eslatib o‘tamiz, rossiyaliklar guruh bosqichining 2ta o‘yinini Sankt-Peterburgda, 1ta o‘yinini Kopengagenda o‘tkazishadi. Pley-offga yo‘l olishsa, o‘yinlar soni yanada oshishi mumkin.

JCh-2022: Rossiya milliy jamoasi ishtirok etmaydi

2022 yilda o‘tkaziladigan Qatardagi jahon chempionati saralashida Rossiya milliy jamoasi ishtirok etadi. FIFA WADA kodeksini imzolagan bo‘lsa-da, jahon chempionati saralash o‘yinlari qit'alarga tegishli. Demak, rossiyaliklarning turnirda ishtirok etishiga hech qanday monelik yo‘q.

Ammo, Rossiya milliy jamoasi Qatar-2022 yo‘llanmasini qo‘lga kiritsa ham, musobaqada bo‘lmaydi. Bu haqda WADA vakillari Lozannada o‘tkazilgan matbuot-anjumanida xabar berishdi, lekin yakuniy qarorni FIFA qabul qiladi. Qayd qilish joizki, FIFA qanchalik qudratli bo‘lmasin, WADA qaroriga qarshi chiqolmaydi.

U holda Rossiya o‘rniga Qatarga qaysi jamoa boradi? Neytral sportchilar jamoasi. Ularning har biri musobaqada ishtirok etish uchun alohida ruxsat olishi, ya'ni doping bilan bog‘liq barcha sinovlardan o‘tishi shart. Qayd qilish joizki, jamoaning nomida «Rossiya» so‘zi bo‘lmasligi lozim. Shu o‘rinda 2018 yilda o‘tkazilgan Pxyonchxandagi qishki Olimpiada o‘yinlarini eslash o‘rinli. Bu turnirda Rossiya milliy jamoasi doping muammolari tufayli sanksiyaga uchragan va «Rossiyalik olimpiya atletlari» nomi ostida, bayroqsiz va madhiyasiz ishtirok etgan edi. Bu safar ham nafaqat bayroq va madhiya, balki jamoaning nomida «Rossiya» so‘zi ham bo‘lmaydi.

Plyaj futboli bo‘yicha JCh-2021: boshqa mamlakatga beriladi

WADA qaroriga ko‘ra, Rossiya hududida 4 yil davomida jahon chempionatlari va boshqa muhim turnirlar o‘tkazilmaydi. Agar mezbonlik avvalroq qo‘lga kiritilgan bo‘lsa, qaytarib olinadi va boshqa mamlakatga beriladi. Demak, Rossiya plyaj futboli bo‘yicha jahon chempionatidan mahrum qilinadi.

Chempionlar Ligasi 2020/21 finali va yevrokuboklar: hech narsa o‘zgarmaydi

Klublararo UYeFA turnirlari major evens qatoriga kirmaydi. Demak rossiyalik klublarning bu turnirlarda ishtirok etishiga to‘sqinlik yo‘q. 2021 yilda Sankt-Peterburgda o‘tkaziladigan Chempionlar Ligasi finali ham xavf ostida emas.

Yevro-2024: hozircha so‘roq ostida

2024 yilgi Yevropa chempionatigacha sanksiyalar muddati tugaydi va Rossiya milliy jamoasining turnirdagi ishtirokiga hech narsa to‘sqinlik qilolmaydi. Biroq WADA UYeFA bilan hamkorlik o‘rnatib, kodeksni imzolashga majbur qilsa, hamma narsa o‘zgarishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: