O‘zbekistonda mahkumlar qancha oylik oladi?

O‘zbekiston 22:40 / 09.12.2019 61909

Bugungi kunda O‘zbekistondagi jazoni o‘tash muassasalarida saqlanayotgan mahkumlar 1 mln so‘mgacha oylik olmoqda. Ammo ularga ish staji yozilmaydi, mehnat daftarchasi yuritilmaydi.

Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar 2019 yilning 11 oyi davomida oilalariga jami 16,5 milliard so‘m pul yuborgan.

Bu haqda IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari – Ishlab chiqarish-texnika boshqarmasi boshlig‘i Sharofiddinxo‘ja Usmonovga asoslanib, Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

«Prezidentimiz tomonidan qo‘yilgan vazifaga ko‘ra, mahkumlarning oylik olishidan maqsad – boquvchisini yo‘qotgan oila a'zolarini o‘z holiga tashlab qo‘ymaslikdan iborat. 2019 yilning 11 oyida mahkumlarga 84,1 mlrd so‘m oylik belgilangan bo‘lsa, shundan 16,5 milliardi ularning oila a'zolariga yuborilgan.

Kelgusida bundan ham oshirib oylik to‘lashni, yaxshi ish o‘rinlarini barpo qilishni maqsad qilganmiz», dedi Usmonov 9 dekabr kuni matbuot anjumanida.

Sharofiddinxo‘ja Usmonov

Ma'lum qilinishicha, shu yilning 11 oyi mobaynida jazoni ijro etish tizimida 3231 ta yangi ish o‘rni yaratilib, qo‘shimcha 3995 nafar mahkumning bandligi ta'minlangan.

Ayni paytda mehnatga layoqatli mahkumlarning 88 foizi mehnatga jalb etilgan. IIV mulozimlariga ko‘ra, mahkumlarga munosib mehnat sharoitlari yaratilgan, sharoitlar kadastr, qurilish-sanitariya, yong‘in xavfsizligi normalariga javob beradi.

Jurnalistlarning savollariga javoban, tungi vaqtda ishlayotgan mahkumlarga Mehnat kodeksida belgilanganidek bir yarim barobar miqdorida ish haqi to‘lanishi, shuningdek, mahkumlarning oylik ish haqidan davlat sug‘urtasi to‘lovi ajratilmasligi, pensiya hisoblash uchun sug‘urta to‘lovlarining to‘lanishi asos hisoblanishi, shu bois jazo muddatini o‘tayotgan davrda mehnat daftarchasi yuritilmasligi va ularga ish staji yozilmasligi ma'lum qilindi.

«Hozirgi kunda Jinoyat-ijroiya kodeksiga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha taklif berilgan. Aynan mahkumlarning ishlagan davri ish staji va pensiya hisoblanishida tan olinishini taklif qilganmiz, chunki o‘zimizdayam bu bilan bog‘liq ko‘plab savollar tug‘ilgan.

Hozir bu takliflar vakolatli idoralar tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. 2020 yilning yarmigacha bu masala hal etilsa kerak», – dedi Sharofiddinxo‘ja Usmonov.

Avvalroq mahkumlar mehnati bilan topilgan daromadlar miqdori ochiqlangani xabar qilingan edi.

Ko‘proq yangiliklar: