O‘zbekistonda yaqin besh yil ichida turizmning YaIMdagi ulushini 30 foizga olib chiqish mumkin, deb hisoblaydi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi maslahatchisi Behruz Hamzayev.
Hamzayev bu haqda «Ular» loyihasidagi intervyusida aytib o‘tdi.
«Nazarimda, faqatgina turizm sohasi O‘zbekistonni haqiqatda barqaror davlatga aylantira oladi. To‘g‘risini aytishimiz kerak, O‘zbekistonni biz aytayotgandek yuqori pog‘onalarga olib chiqa oladigan soha – yana bir qaytaraman – faqatgina turizm. Qishloq xo‘jaligi emas, paxta emas, neft-gazimiz emas.
Men raqamlarga ishonadigan insonman. Mana, 2016 yilda 1,3 million, 2017 yil 2,7 million, 2018 yilda 4,9 million, 2019 yil 6,3 million turist kelyapti. Har yili ikki barobarga o‘syapti. Faraz qiling, har biri yuz dollardan qoldirsa, ming dollardan qoldirsa...
Bugungi kunda YaIMimizda turizmning ulushi 1,2 foizdan 1,7 foizgacha xolos. Buni yaqin 5 yil ichida 30 foizga olib chiqish – real narsa. Yalpi ichki mahsulotimizning 30 foiziga bunchalik tez sur'atda yaqin besh yil ichida hech qaysi soha chiqa olmaydi», – dedi Hamzayev.
Mutaxassisning ta'kidlashicha, turizm nafaqat iqtisodiy jihatdan foyda keltiradi, balki mahalliy aholining fikrlash tarzini o‘stirishga ham yordam beradi.
«Turizm – O‘zbekistonni buyuk davlatga aylantira oladigan soha. Oddiy misol, shu yil dunyo bo‘yicha turizmdan keladigan daromad neft-gaz sanoati daromadi bilan bir xil.
O‘zbekistonda neft va gaz qazib olamiz, deb qancha investitsiyalar olib kelinishi, qanchalik sa'y-harakatlar qilinishini faraz qilib ko‘ring. Ammo bu pulni turizm orqali – ming yil oldin qurilgan narsani ko‘rsatishga imkoniyat yaratib berish bilangina, xizmat ko‘rsatish orqali ishlab olishimiz mumkin.
Neft ham, gaz ham tugaydi. Uning ustiga, elektromobillar ishlab chiqarilishi va muqobil energiya manbalari topilishi bilan bu soha o‘z ahamiyatini yo‘qotadi. Turizm esa tugamaydigan narsa. Turistik obektlarimizni saqlab qolsak bo‘lgani, buning ortidan anchagina pul ishlab ola olamiz.
Qolaversa, turizm – oddiy insonlarning hayotini yaxshilaydi, ularning cho‘ntagiga pul keltiradi. Turizm orqali nafaqat daromad olish, balki odamlarning ongi va dunyoqarashini ham o‘zgartirishga erishsa bo‘ladi. Odamlarni «hayot faqat to‘y, uy va Malibu`dan iborat emas ekan», deb o‘ylashga, boshqacha hayotiy maqsadlar qo‘yishga undaydi. Shuning uchun bu sohani yaxshi ko‘raman, nima bo‘lishidan qat'i nazar shu soha bilanman», – deydi Behruz Hamzayev.