Alisher Usmonov WADA’dan rossiyalik sportchilarni jazolamaslikni so‘radi

Sport 12:04 / 09.12.2019 25925

Rossiyalik milliarder, Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi prezidenti Alisher Usmonov Butunjahon antidoping agentligi (WADA) rahbari Kreyg Ridi va Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) prezidenti Tomas Baxga xat bilan chiqdi. Unda tadbirkor barcha rossiyalik sportchilarga Rossiya bayrog‘i ostida xalqaro musobaqalarda qatnashish taqiqlanishi mumkinligini qoraladi.

«Interfaks» tomonidan keltirilgan maktub matnida aytilishicha, Usmonov antidoping qoidalarini buzganlarga qarshi «eng jiddiy sanksiyalar» talab qiladi. Ammo, u rossiyalik sportchilar xalqaro musobaqalarda qatnashishdan chetlatilishi mumkinligini adolatsiz, deb hisoblaydi. Milliarderning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya bayrog‘i ostida bahslarda ishtirok etishga taqiq qo‘yish navbatdagi kamsitish holatiga aylanadi.

«Dopingga qarshi shafqatsiz kurash qasos olishga aylanmasligi va xuddi shu huquqbuzarlik uchun yangi sanksiyalar qo‘llanilishiga olib kelishi kerak emas», - deb hisoblaydi Usmonov.

Aybdorlarning jazolanishi aybi bo‘lmaganlarning ham ta'qibga uchrashiga olib kelmasligi lozim, deya ta'kidlab o‘tdi Usmonov. U WADA va XOQni rossiyalik halol sportchilarga xalqaro musobaqalarda «kamsitish va asossiz cheklovlarsiz» ishtirok etishni davom ettirishga ruxsat berishga chaqirdi.

Eslatib o‘tamiz, rossiyalik sportchilar 4 yilga yirik xalqaro musobaqalardan chetlatilishi mumkin: Muvofiqlik qo‘mitasi WADA’ga shunday tavsiya bergan. 

Agentlik bayonotiga ko‘ra, bunga Rossiya tomonidan navbatdagi doping qoidabuzarliklariga yo‘l qo‘yilishi sabab bo‘ldi. Gap Moskva aksildoping laboratoriyasi ma'lumotlari soxtalashtirilishi haqida bormoqda. 

Agar tavsiyalar bajarilsa, rossiyalik sportchilar Tokiodagi 2020 yilgi Olimpiadada ishtirok etishga qo‘yiladi, biroq 2018 yil Pyongchangda bo‘lib o‘tgan qishki Olimpiadadagi kabi neytral maqomda ishtirok etadilar. Rossiya bayrog‘i taqiq ostida bo‘ladi, g‘olib bo‘lgan sportchilar sharafiga Rossiya madhiyasi yangramaydi.

Ko‘proq yangiliklar: