«Adolat» SDP vakili: «Investorlar O‘zbekistondagi kuch ishlatar tizimlardan qo‘rqar edi»

O‘zbekiston 23:00 / 09.12.2019 5263

Avvallari O‘zbekiston kuch ishlatar tizimlari investorlarga juda ko‘p tazyiq o‘tkazar, mamlakatga kelayotgan investorlar bu tizimlardan qo‘rqar edi, deb ta'kidladi «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi vakili Fazliddin Ziyoyev.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, partiya Markaziy kengashining sektor mudiri bu haqda dushanba kuni Xalqaro press-klub sessiyasida gapirib o‘tgan.

Ziyoyev oxirgi uch yilda O‘zbekistonda investorlar uchun sharoitlar yaratilishi zamiridagi uchta asosiy omilni sanab o‘tdi.

«Investorlarni ro‘yxatga olish tizimining yengillashgani bu borada birinchi o‘zgarish hisoblanadi.

Ikkinchidan, konvertatsiya tizimining erkinlashishi. Tizimning ro‘yhat bo‘yicha ayrim qatlamlar uchungina emas, hamma uchun erkinlashishi investorlarga katta qulaylik bo‘ldi.

Investitsion jozibadorlikni oshirishdagi uchinchi o‘zgarishni kuch ishlatar tizimlardagi o‘zgarishlar bilan bog‘lash mumkin. Oxirgi uch yilda ko‘rdikki, har bitta organning xodimlari soni qayta ko‘rib chiqildi va ularning soni optimallashtirildi. Avvallari kuch ishlatar tizimlarimiz tomonidan investorlarga nisbatan juda ko‘p tazyiq o‘tkazilardi.

Kelayotgan investorlar O‘zbekistondagi kuch ishlatar tizimlardan qo‘rqar edi.

Ularga nisbatan to‘siq va talablar ro‘yxatdan o‘tishdayoq boshlanardi va investor bu talablarni bajarmasa, unga nisbatan turli tazyiqlar o‘tkazilardi», – deydi Fazliddin Ziyoyev.

Ko‘proq yangiliklar: