Vaqtincha propiskada turganlar saylov payti qanday ovoz beradi?

O‘zbekiston 12:26 / 08.12.2019 20166

Saylov kuniga ham oz qoldi. Shu kunlarda aholini eng ko‘p o‘ylantirayotgan savollardan biri, rasman vaqtincha propiskada turgan yoki umuman biror joyda vaqtincha hisobga olinmasdan, shunchaki boshqa hududda yashab yurgan fuqarolar qayerdan ovoz berishi mumkinligi haqida bo‘lmoqda.

Markaziy saylov komissiyasi ushbu masalaga oydinlik kiritdi.

Fuqarolarni saylovchilar ro‘yxatiga kiritish masalalarida yagona amaliyotni qo‘llash maqsadida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qaror qabul qilingan. Unda quyidagilar belgilandi:

Birinchidan, saylovchining qaysi saylov uchastkasi bo‘yicha (doimiy yoki vaqtincha propiska (hisobda turish) joyi bo‘yicha) saylovchilar ro‘yxatiga kiritilishi uchastka saylov komissiyasi o‘tkazadigan uyma-uy yurish natijalariga ko‘ra aniqlanadi. Bunda, saylov uchastkasi hududida vaqtinchalik yashayotgan fuqarolar bo‘lsa, ularning ovoz berish kuni ushbu hududda bo‘lishi yoki bo‘lmasligi o‘zaro suhbat chog‘ida uchastka saylov komissiyasi a'zosi tomonidan aniqlanadi va saylovchini vaqtincha yashab turgan joyi bo‘yicha saylovchilar ro‘yxatiga kiritish masalasi hal etiladi.

Saylov uchastkasi hududida vaqtinchalik yashayotgan fuqarolar bilan shaxsan suhbat qurish imkoniyati bo‘lmasa, ular vaqtincha yashash joyidagi saylov uchastkasi saylovchilar ro‘yxatiga kiritilmaydi.

Ikkinchidan, agar saylovchi propiskada turmasa, vaqtincha yashash joyidagi saylov uchastkasi bo‘yicha saylovchilar ro‘yxatiga kiritilishi va ovoz berishi mumkin.

Bunda saylovchi yashab turgan joyidagi saylov uchastkasi bo‘yicha ro‘yxatga kiritilishi uchun shu hududdagi uchastka saylov komissiyasiga saylovga kamida uch kun qolgunga qadar (19 dekabrgacha) murojaat qilishi mumkin.

Fuqaro haqiqatan saylov uchastkasi joylashgan hududda vaqtincha yashayotganini qo‘shimcha hujjatlar (vaqtincha yashash ma'lumotnomasi va boshqalar) bilan tasdiqlashni talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ya'ni shunchaki «saylov kuni men mana shu hududda bo‘laman», deb murojaat qilsa yetarli bo‘ladi.

Uchastka saylov komissiyasi fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi hujjati asosida saylovchining qaysi saylov uchastkasi bo‘yicha ro‘yxatga kiritilganligini saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatidan (SYaER) izlab topadi va muddatidan oldin ovoz bergan yoki bermaganligini aniqlashtiradi. Muddatidan oldin ovoz bergan bo‘lsa ro‘yxatga kiritilmaydi.

Uchinchidan, saylovchi ovoz berish kuni (22 dekabr) doimiy yoki vaqtincha propiska (hisobda turish) joyi bo‘yicha murojaat qilganda, agar u saylovchilar ro‘yxatiga kiritilmagan bo‘lsa, uchastka saylov komissiya a'zosi tizimga kirib ushbu fuqaroni SYaERdan izlab topadi.

Izlab topgandan so‘ng aloqa vositalari orqali saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan saylov uchastkasida ovoz bergan/bermaganligini aniqlashtiradi. Shundan so‘ng saylovchini saylovchilar ro‘yxatining ilovasiga kiritgan holda unga saylov byulletenini beradi. Narigi uchastka saylov komissiyasi saylovchi boshqa saylov uchastkasida ovoz berganini qayd etib qo‘yadi.

Agar fuqaro boshqa saylov uchastkasida ovoz bergan bo‘lsa, unda ovoz berish rad etiladi, chunki 1 kishi 1 ovozga ega.

To‘rtinchidan, agar saylovchi ovoz berish kuni (22 dekabr) hisobga olinmagan (propiskada turmagan) joyi bo‘yicha uchastka saylov komissiyasiga murojaat qilganda, fuqaroning doimiy yoki vaqtinchalik yashash joyi bo‘yicha boshqa saylov uchastkasida ovoz berishi kerakligi tushuntiriladi hamda ovoz berish rad etiladi.

Xulosa qilib aytganda, rasmiy vaqtincha propiskaga ega bo‘lgan fuqarolar saylov kuni bemalol yashab turgan saylov uchastkasiga borib ovoz berishlari mumkin, rasmiy ro‘yxatdan o‘tmasdan yashayotganlar esa 19 dekabrgacha murojaat qilib qo‘yishlari kifoya qiladi. Saylov kuni borsa, ro‘yxatdan o‘tmasdan yashayotgan hududida ovoz bera olmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: