Prokuror qarori ustidan sudga murojaat qilish tartibi joriy etiladi - Prezident

O‘zbekiston 00:30 / 08.12.2019 42877

«Kelgusi yildan boshlab prokuror qarori ustidan sudga murojaat qilish tartibi joriy etiladi. Shu orqali surishtiruv va dastlabki tergov jarayonida muvozanatni, ya'ni o‘zaro tiyib turish tamoyillarini ta'minlash imkoni yaratiladi. Bunday muhim o‘zgarish ham bizning tajribamizda birinchi marta joriy etilmoqda.

Sir emas, ilgari prokuratura idoralari nihoyatda yopiq, nazoratdan xoli bir organga, ta'bir joiz bo‘lsa, oxirgi instansiyaga aylanib qolgan edi. Buning oqibatida qancha-qancha odamlar nohaq jabr chekkani, adolatsizlikka duchor bo‘lgani ham ayni haqiqat. Qanchalik og‘ir va noxush bo‘lmasin, biz shu haqiqatni tan olib, bu sohada qonuniylik va adolatni qaror toptirishga kirishdik.

Ishonamanki, prokuror qarori ustidan sudga murojaat qilish bo‘yicha rivojlangan demokratik mamlakatlarda amal qiladigan bunday tajribani joriy etish hayotimizda adolat mezonini mustahkamlashda ulkan qadam bo‘ladi», dedi prezident.

Davlat rahbari sud biror mansabdor shaxsning qo‘li yetadigan idoraga aylanib qolishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik shartligiga e'tibor qaratdi.

«Sudlarning chinakam mustaqilligini ta'minlash biz uchun eng ustuvor vazifadir. Ayniqsa, sud biron-bir mansabdor shaxsning qo‘li yetadigan idoraga aylanib qolishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik shart. Shu sababli sud ishlariga aralashgani yoki sudga bosim o‘tkazgani uchun javobgarlikni kuchaytirish lozim.

Keyingi paytda Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan murojaatlarning aksariyati sud, prokuratura, ichki ishlar idoralari faoliyatidagi kamchiliklarga taalluqli. Shuni inobatga olib, ushbu idoralar xalqimiz bilan ishlashning mutlaqo yangi tizimini yaratishi zarur. Har bir ariza va shikoyatning qonuniy yechimi ana shu idoralar rahbarlari faoliyatiga berilgan baho bo‘ladi.

Bunday yangi o‘zgarishlarni avvalo, xalqimiz, jumladan, yurtimizda qonun ustuvor ekaniga ishonib sarmoya kiritayotgan chet ellik hamkorlarimiz har tomonlama his qilishlarini istardim», deydi prezident.

Ko‘proq yangiliklar: