Zelenskiy Putin bilan bo‘ladigan uchrashuvida nimadan qo‘rqayotganini aytdi

Jahon 00:59 / 07.12.2019 33132

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 9 dekabr kuni Parijda o‘tkaziladigan "normand to‘rtligi" sammiti va Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvida natija bo‘lmasligidan qo‘rqayotganini aytdi. U bu haqda "Ukraina" telekanaliga bergan intervyusida ma'lum qildi.

"Men natija bo‘lishini istayapman, meni xavotirga solayotgan yagona narsa uchrashib, "rejalashtiryapmiz" deyish. Natija bo‘lmasligini umuman yoqtirmayman. Muzokaralar natijasiz tugashini yoqtirmasligim meni asabiylashtirayotgan yagona narsa. Men faqat shundan qo‘rqyapman", - dedi u.

Avvalroq Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Zelenskiy bilan uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rilayotganini ma'lum qilgandi.

Peskovning ta'kidlashicha, uchrashuv tanishuv ko‘rinishida bo‘ladi, chunki yuzma-yuz muloqot telefon orqali muloqotdan farq qiladi. Ikki davlat rahbarida yangi yilgacha hal qilinishi kerak bo‘lgan masalalar, jumladan “gaz masalasi” mavjud.  

Ta'kidlanishicha, uchrashuvning borishi ikki yetakchining “normand to‘rtligi” sammitidagi ishchi jadvaliga bog‘liq bo‘ladi. Ikki yetakchi “chetga o‘tib 30 daqiqa suhbatlashishlari ham, 1,5 soat muloqot qilishlari ham mumkin”. “Hammasi vaziyatga bog‘liq bo‘ladi”, deb aytgan Putinning yordamchisi Yuriy Ushakov.

Peskovning ta'kidlashicha, Putin va Zelenskiyning uchrashuvi hozirda “normand formatidagi” uchrashuvdan ham muhimroqdir. 

Rossiya, Ukraina, Fransiya va Germaniya yetakchilari 9 dekabrda Parijda uchrashishadi. Ushbu uchrashuvda Putin va Zelenskiydan tashqari, prezident Emmanyuel Makron va kansler Angela Merkel ham ishtirok etadi. Uchrashuvda Donbassdagi vaziyatni tartibga solish muhokama qilinadi.

Ko‘proq yangiliklar: