«Vazir yoki hokim qonunni tushunmasa odamlarda tashabbus uyg‘otish qiyin» - Prezident qonunlar ijrosidagi oqsashlar haqida

O‘zbekiston 22:40 / 07.12.2019 13774

Bugun 7 dekabr kuni «O‘zbekiston» xalqaro anjumanlar saroyida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. 

«Har qanday demokratik islohotlar samarasi, tinchlik va taraqqiyotning asosiy garovi ham Konstitutsiya va qonun ustuvorligi ta'minlanishi bilan bevosita bog‘liq.

Qonun ustuvorligi – bu davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari chiqarayotgan hujjatlar, mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari faqat va faqat Konstitutsiya hamda qonunlarga muvofiq bo‘lishi shart, deganidir.

Shu boisdan ham barcha bo‘g‘indagi kadrlar, u xoh vazir, hokim yoki oddiy fuqaro bo‘lsin, Konstitutsiya va qonunlarni puxta bilishi, ularning ijrosini to‘g‘ri tashkil etishi hamda birinchi navbatda bu qoidalarga butun jamiyat a'zolari qat'iy amal qilishi shart bo‘lgan muhit yaratishimiz zarur», degan prezident.

Davlat rahbari «Konstitutsiya va qonun ustuvorligi – farovon hayot garovi» degan tushuncha fuqarolarning ongi va qalbida chuqur o‘rin egallashi hamda ijtimoiy ehtiyojga aylanishi uchun alohida e'tibor qaratish lozim bo‘lgan masalalarga to‘xtalgan.

«Qonunlar ijrosini samarali tashkil etish, tizimli muammolarni oldindan ko‘ra bilish, qonun buzilishining salbiy oqibatlariga qarshi kurashish bilan birga bunday holatni barvaqt bartaraf etishga qaratilgan tizimni shakllantirish ayniqsa dolzarbdir. Afsuski, ushbu talablar bizda hali to‘liq bajarilmoqda, deb ayta olmaymiz.

Shu yilning o‘zida 70dan ortiq qonun, 350dan ziyod prezident farmoni va qarorlari qabul qilindi. Bu qonun hujjatlari kim uchun va nima maqsadda qabul qilinmoqda?

Albatta, xalqimiz farovonligi uchun.

Masalan, iqtisodiyotimizni jadal rivojlantirishning muhim sharti bo‘lgan «Davlat-xususiy sherikligi to‘g‘risida»gi qonunni qabul qilganimizga 7 oy bo‘ldi. Ko‘pdan buyon kutilgan, hayotning o‘zi talab etayotgan bu qonun loyihasi ustida biz uzoq vaqt ishladik. Ushbu hujjat fuqarolarning davlat va jamiyat vazifalarini bajarishga doir konstitutsiyaviy huquqini amalga oshirishning ta'sirchan mexanizmidir.

Hozirgi vaqtda ayrim tarmoqlarda davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish boshlandi. Ammo sog‘liqni saqlash, ta'lim, transport, yo‘l qurilishi, kommunal xo‘jaligi kabi yo‘nalishlarda, aksariyat hududlarda hali bu borada tashabbus umuman sezilmayapti.

Vazir yoki hokim qonunning mazmun-mohiyatini tushunmasa, anglab yetmasa, uni hayotga tatbiq etishda jonbozlik ko‘rsatmasa, islohotlarimizning oldinga yurishi, odamlarda tashabbus uyg‘otish qiyin bo‘ladi.

Hududlardagi ekin maydonlarida ruxsatnomasiz, o‘zboshimchalik bilan qurilish qilish, bino-inshootlarni betartib buzish kabi noxush holatlar qonunlar ijrosini nazorat qilish ishlari oqsayotganidan dalolat beradi. Shu bois Parlament, Hukumat va Oliy sud qabul qilinayotgan qonunlar ijrosini ta'minlashning samarali mexanizmlarini qo‘llashi zarur.

Bu borada kadrlarni o‘qitish va malakasini oshirishga, huquqiy axborotni zamonaviy usullar orqali keng ommaga yetkazishga, qonunlarni bilish va qo‘llash bo‘yicha mutasaddi rahbarlar faoliyatini baholash mezonlarini ishlab chiqishga birinchi darajali e'tibor qaratish lozim», degan prezident.

Ko‘proq yangiliklar: