Qozog‘istonda pasportini yo‘qotib, qiyin ahvolga tushib qolgan 12 nafar fuqaro O‘zbekistonga olib kelindi 

Jamiyat 10:28 / 07.12.2019 6711

Qozog‘istonda fuqarolik pasportlarini yo‘qotib, yashash manziliga qayta olmagan va qiyin ahvolga tushib qolgan 12 nafar (2 nafari ayol, 10 nafari erkak) o‘zbekistonlikka vatanga qaytish guvohnomalari berilib, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ko‘magida «Olma-ota–Toshkent» aviareysi bilan olib kelindi. 

IIV Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash bosh boshqarmasi xabariga ko‘ra, Qozog‘iston Respublikasi hududida «Nolegal» tadbiri o‘tkazilmoqda. 

O‘zbekistonlik fuqarolar Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi binosiga olib kelinib, barchasiga tibbiy (rentgen tekshiruv, qon analizlari tekshiruvi, turli yuqumli kasalliklarga tekshiruv), psixologik va yuridik yordam ko‘rsatildi hamda yashash manzillariga yetib olishlari uchun eng kam ish haqining bir baravari miqdorida pul mablag‘lari ajratildi.

“Shuningdek, ularning barchasi bilan filtr-so‘rov tadbirlari o‘tkazilib, davlatimiz tomonidan yaratilgan imkoniyatlar, ish o‘rinlari va tadbirkorlik faoliyati uchun kreditlar olish turlari bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi”, - deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, hozirgi vaqtda Tashqi ishlar vazirligi hamda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan hamkorlikda xorijiy fuqarolarni vaqtincha ushlab turish markazlarida saqlanayotgan 41 nafar o‘zbekistonlikni mamlakatga qaytarish choralarini ko‘rish davom ettirilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: