Ispaniyalik shifokorlar yuragi olti soatga to‘xtab qolgan ayolni qutqardi

Jahon 00:49 / 07.12.2019 9137

Ispaniyalik shifokorlar qattiq sovuq urishi natijasida yuragi olti soatga to‘xtab qolgan ayolni qutqardi. Bu haqda BBC News xabar bermoqda.

Xabar qilinishicha, Kataloniyada 34 yoshli Odri Shumen turmush o‘rtog‘i Roxan bilan toqqa sayohatga chiqqan va qor bo‘roniga duch kelgan. Gipotermiya natijasida ayol avvaliga so‘zlash va harakatlanish qobiliyatini yo‘qotgan, so‘ngra hushidan ketgan. Oradan ikki soat o‘tib qutqaruvchilar yetib kelganida Odri Shumenning yuragi to‘xtagan holatda bo‘lgan.

O‘sha vaqtda uning tana harorati 18 darajagacha tushib ketgan. Ayol Barselonadagi kasalxonalardan biriga keltirilgan. Shifokorlar uning tanasidan bir qism qonni tortib olib, qonni kislorod bilan to‘yintirgan va keyin uning tanasiga qaytarib quygan. Shumenning tana harorati 30 darajaga yetganidan so‘ng uning yuragini ishga tushirish uchun defibrillyator qo‘llanilgan.

Shifokor Eduard Argudoning so‘zlariga ko‘ra, tog‘dagi past darajali harorat yurak to‘xtab qolgan bo‘lsa ham  ayolning miyasi va tanasini saqlab qolgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Ispaniya hududida qayd etilgan yurak eng uzoq vaqt ishlamay turgan holatdir. 

Ko‘proq yangiliklar: