«Bundan ko‘ra samarali vosita yo‘q» - Prezident jamoatchilik nazorati va so‘z erkinligi haqida

O‘zbekiston 23:16 / 07.12.2019 20823

Bugun 7 dekabr kuni «O‘zbekiston» xalqaro anjumanlar saroyida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Prezident o‘z nutqida Konstitutsiya va qonun ustuvorligiga erishishda jamoatchilik nazoratidan ko‘ra samarali vosita yo‘qligiga urg‘u berdi.

«Xalqimiz qonun buzilishiga qarshi qattiq turmas ekan, davlat idoralari, mansabdor shaxslar qanchalik urinmasin, qonun ustuvorligini ta'minlash qiyin bo‘ladi.

Bugun jamoatchiligimiz tom ma'noda uyg‘ondi, endi turli lavozimdagi shaxslarning xatti-harakatlariga odamlarimiz bevosita baho berib, o‘z fikrini erkin ifoda etishga o‘rganmoqda.

Yakunlanayotgan yilda Davlat budjeti ilk bor keng muhokama etilib, ochiqlik va oshkoralik ruhida qabul qilindi. Unda turli vazirlik va idoralar har bir so‘mni nimaga va qanday xarajat qilishi aniq ko‘rsatib berildi.

Fuqarolarimiz va deputatlarimiz bildirgan fikrlar asosida maktablarga mebel va kompyuterlar xarid qilish uchun budjet xarajatlarini qisqartirish hisobidan 50 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratildi. Bunday ijobiy holat bizning tajribamizda birinchi marta yuz berayotganini alohida qayd etish lozim.

Yoki ko‘pchiligingiz xabardorsiz, keyingi paytda joylarda daraxtlarni ommaviy ravishda kesish kuchayib ketgan edi. Bu odamlarning noroziligiga sabab bo‘ldi. Shuning uchun yaqinda daraxtlarni sababsiz kesishga qarshi moratoriy e'lon qilindi. Bu ham jamoatchilik fikri qanday kuchli ta'sirga ega ekaniga misol bo‘la oladi.

Bularning bari odamlarimizning ijtimoiy jarayonlarga nisbatan mas'uliyat va daxldorlik hissi oshib borayotganini ko‘rsatadi.

Ayni vaqtda jamoatchilik nazorati «bir tomonlama vosita»ga aylanib qolmasligi kerak.

Davlat idoralari faqat fuqarolarga emas, balki o‘zlariga nisbatan tanqidiy fikrlarni ham adolat bilan, xolis ko‘rib chiqishlari lozim. Shahar va qishloqlarimiz qiyofasini o‘zgartirish, qurilish va obodonchilikka oid qarorlar, dastlab o‘sha hududdagi aholi o‘rtasida muhokama qilinib, jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkazilishi shart.

Yana bir masalaga diqqatingizni jalb qilmoqchiman.

Konstitutsiyaga asosan sudlar o‘z faoliyatida mustaqil, lekin ularning chinakam nazoratchisi xalq bo‘lishi kerak.

Sudlar va tergov idoralari biron-bir ish yuzasidan chiqarilgan qaror bo‘yicha fuqarolarning jamoaviy murojaatlariga tushuntirish va huquqiy izohlar berishi zarur.

Shuni aniq tushunib olish lozimki, jamoatchilik nazorati – bu faqatgina davlat idoralari faoliyati ustidan nazorat emas, balki jamiyatning o‘zini o‘zi boshqarish usuli, boshqacha aytganda, fuqarolik jamiyatini taraqqiy toptirishning muhim omillaridan biridir.

Shuning uchun Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha maslahat kengashi, Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi, Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi kelgusi yilda har bir soha va tarmoq bo‘yicha jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning ta'sirchan tizimini yaratishga bosh-qosh bo‘lishi va tashabbus ko‘rsatishi lozim.

Jamoatchilik nazorati, birinchi navbatda, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari, moliya, bank, ta'lim, sog‘liqni saqlash, kommunal xo‘jalik, energetika va transport sohalarida joriy etilishi zarur. Shuningdek, bozorlar va savdo majmualaridagi mahsulotlar va xizmat ko‘rsatish sifati kabi masalalar ham doimo jamoatchilik nazoratida bo‘lishi darkor», dedi davlat rahbari.

Prezident ommaviy axborot vositalari qonuniylikni qaror toptirishda chinakam «jamiyat ko‘zgusi»ga aylanishi kerakligini ta'kidladi.

«So‘z erkinligini ta'minlashga qaratilgan islohotlar o‘tgan uch yilda jamiyatimiz hayotida tub burilish yasadi.

Bugungi kunda xalqimiz orasida yurib, uni qiynayotgan ijtimoiy muammolarni ko‘rsatib berayotgan eng katta kuch – bu mustaqil va xolis ommaviy axborot vositalari vakillaridir.

Demokratik islohotlarimiz natijasida ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar mansabdor shaxslarni o‘z ishini qonuniy asosda to‘g‘ri tashkil etishga undamoqda.

Shu sababli ham davlat organlari faoliyati to‘g‘risidagi ma'lumotlarni jamoatchilikka to‘liq va tezkor yetkazish maqsadida ularning har birida matbuot xizmati ish boshladi.

Aslida, demokratik jamiyatda barcha davlat xizmatchilari ommaviy axborot vositalari bilan yaqin ijtimoiy hamkorlik qilishga o‘rganishi kerak.

Ma'lumki, bugungi kunda an'anaviy axborot vositalari bilan birga Internet, ijtimoiy tarmoqlar, blogerlar jamoatchilik fikrini shakllantirishda katta rol o‘ynamoqda.

Davlat va jamiyat boshqaruvida, kundalik faoliyatimizda ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini kuchaytirish maqsadida biz fuqarolarning so‘z erkinligi, axborot olish va tarqatishga oid konstitutsiyaviy normaning ijrosini amalda to‘liq ta'minlashimiz zarur. Buning uchun esa birinchi galda ommaviy axborot vositalari haqidagi qonunchilikni takomillashtirish kerak va biz bu borada faol ish olib bormoqdamiz.

Shu munosabat bilan jamoatchilik nazorati ham, ommaviy axborot vositalari ham yagona bir maqsadga, ya'ni xalqimizni rozi qilish va uning turmushini yaxshilashga qaratilganini hammamiz birdek anglashimizni istardim.

Har bir davlat organi ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifasiga ega bo‘lishi, amalga oshirayotgan ishlari haqida, kerak bo‘lsa, har kuni batafsil ma'lumot berib borishi shart.

Yana bir marta takrorlayman, O‘zbekistonda jamoatchilik nazorati va ommaviy axborot vositalari vakillarining qonuniy haq-huquqlariga hech qanday shaklda tazyiq o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi», deydi Shavkat Mirziyoyev.

Ko‘proq yangiliklar: