Oliy Majlis Qonunchilik palatasida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi loyihasiga kiritilayotgan o‘zgarishlar, ularning mazmun mohiyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda yangi tahrirdagi Soliq kodeksining xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga ta'siri borasidagi savollarga Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi vakillari tomonidan javoblar berildi.
Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov investorlarga beriladigan imtiyozlarga to‘xtalib o‘tdi.
«Imtiyozlar haqida gapiradigan bo‘lsak, Soliq kodeksi loyihasida taqdim etiladigan imtiyozlar miqdorini minimallashtirishga harakat qildik. Ya'ni daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozlar deyarli yo‘q. QQSga kelsak, faqat ijtimoiy imtiyozlarni qoldirdik.
Nima xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun xizmat qiladi?
Eng avvalo bu – soliq tizimining neytralligi. Investorlar respublikamizga kelib, pullari, investitsiyalarni kiritayotganida ularni ikkita narsa qiziqtiradi.
Birinchisi, bu – soliq tizimining barqaror bo‘lishi va qonun bo‘lishi lozim. Budjetning qonun bilan qabul qilinishi doimiylik hech bo‘lmaganda bir yil davom etishini anglatadi. Keyin esa o‘rta muddat uchun stavkalar qilamiz. Ikkinchi norma bu – boshqa normalar Soliq kodeksida bo‘lishi kerak. Bu ertaga u yoki boshqa stavkalar oshirilmasligi, u yoki bu o‘zgarishlar kiritilmasligini anglatadi.
Yana bir norma QQSning neytralligi. Yuqorida aytilganidek, uning manfiy farqi kuzatilganida bu soliqni qoplab beramiz. Ya'ni, siz investor sifatida zavod, qandaydir fabrikani qurishni boshlasangiz, investitsion faoliyat olib borayotgan vaqtingizdayoq nima xarid qilishingiz, olib kirishingizdan qat'i nazar shakllangan jami QQSni qaytarib beramiz. Uni Qozog‘iston, O‘zbekiston, Rossiya yoki Yevropa – qayerda qurishingizdan qat'i nazar QQS summasi tozalanadi, ya'ni zavod deyarli bir xil qiymatga aylanadi.
O‘zbekistonning geosiyosiy joylashuvini hisobga olib, investitsion nuqtayi nazardan juda ham jozibali bo‘lgan sohalar mavjud. Masalan, tog‘-kon sanoati. Shuningdek, Kodeksda tog‘-kon sanoati bo‘yicha ayrim stavkalarning pasayishini ko‘zda tutyapmiz. Bu qazib oluvchi kompaniyalar uchun. U ayrim konlarimizning investitsion jozibadorligini sezilarli darajada yaxshilashga xizmat qiladi», deya Dilshod Sultonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Aynan shu masala yuzasidan Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev investorlar bilan uchrashgan vaqtida ular imtiyoz berilishini emas, faqat QQSni o‘z vaqtida va qonun asosida qaytarilishini so‘rashlarini aytib o‘tdi.