Bugun, 6 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan ikkinchi o‘qishga tayyorlanayotan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi loyihasiga kiritilayotgan o‘zgarishlar, ularning mazmun mohiyatiga bag‘ishlab Qonunchilik palatasi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Qonunchilik palatasi Davlat budjeti boshqarmasi boshlig‘i Komiljon Ernazarov Kodeksda tadbirkorlar va umuman soliq to‘lovchilar uchun yengilliklar to‘g‘risida ma'lumot berdi. Unga ko‘ra, soliq nazoratining yangi tartibi (kameral tekshiruv, sayyor tekshiruv, soliq auditi) soliq to‘lovchining tahlika-tahlili asosida taklif etilmoqda.
«Tahlika-tahlil dasturi inson omilisiz avtomatlashtirilgan holda faoliyat ko‘rsatayotgan barcha xo‘jalik sub'yektlarini mezonlar asosida xavflilik darajasiga qarab 3ta segmentga, ya'ni yashil, sariq, qizil yo‘laklarga ajratadi.
Xavflilik darajasi past bo‘lgan (yashil yo‘lakcha) korxonalarga nisbatan hech qachon soliq tekshiruvlari amalga oshirilmaydi va ushbu korxonalarga yuqori darajadagi soliq xizmatlari ko‘rsatiladi.
Xavflilik darajasi o‘rtacha bo‘lgan (sariq yo‘lakcha) korxonalarga nisbatan faqat kameral soliq tekshiruvi amalga oshiriladi va ushbu korxonalarga xato-kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha hisobotini tuzatish imkoni beriladi hamda ularga moliyaviy jarimalar qo‘llanmaydi.
Soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, buxgalteriya hujjatlari va hisobvaraq-fakturalarni soxtalashtirish holatlari aniqlangan xavflilik darajasi o‘ta yuqori bo‘lgan (qizil yo‘lakcha) korxonalarga nisbatan soliq auditi tekshiruvi tadbirlari amalga oshiriladi va ushbu korxonalar doimiy nazoratda bo‘ladi. Ushbu tadbirlar soliq nazoratini amalga oshirishning shaffofligini ta'minlab, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan korrupsiya holatlarining oldini oladi», deya Komiljon Ernazarovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.