Soliq kodeksi loyihasiga kiritilayotgan o‘zgarishlar nimalardan iborat?

Iqtisodiyot 18:00 / 06.12.2019 7071

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi loyihasiga kiritilayotgan o‘zgarishlar, ularning mazmun mohiyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Matbuot anjumanida yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasida soliq qonunchiligi normalari qo‘llanishini soddalashtirish, undagi ziddiyatlar va tushunmovchiliklarni tugatish, insofli soliq to‘lovchilar manfaatlarini himoya qilish, soliq nazoratining shakl va mexanizmlari, soliq obektlari, soliq to‘lovchilarning hisobini yuritishni ta'minlaydigan AKTni keng joriy etish bilan bog‘liq bir qator muhim yangiliklar nazarda tutilyapti.

Loyihada soliq to‘lovchilar hamda soliq organlarining huquq va majburiyatlari aniqlashtirildi. Soliq tekshiruvi turlari 13dan 3 turgacha qisqarmoqda.

Bundan tashqari, kiritilayotgan yangiliklarga ko‘ra, soliq organlari tomonidan ortiqcha undirilgan summalarga har bir o‘tgan kuni uchun soliq to‘lovchiga foiz to‘lanadi. Xorijiy sayyohlar O‘zbekistonda sotib olingan tovarlarga hisoblangan qo‘shimcha qiymat solig‘i (QQS) «Tax free» tamoyili asosida qaytariladi. Mulkni (xizmatlarni) beg‘araz ravishda topshirishda to‘lanadigan QQS bekor qilinmoqda. Davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan korxonalar tomonidan to‘lanayotgan yagona ijtimoiy to‘lov 25 foizdan 12 foizga tushirilyapti.

Loyihada soliq organlari tomonidan soliq to‘lovchining bankdagi hisob varaqlari bo‘yicha operatsiyalarni 30 kundan oshmagan muddatga to‘xtatib turish nazarda tutilmoqda. Bunda soliq to‘lovchining tijorat banklaridagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni 30 kundan ortiq muddatga to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qaror soliq organining iltimosnomasi asosida sud tomonidan qabul qilinishi mumkinligi belgilanmoqda.

Shuningdek, soliq solish maqsadida barcha bitimlar va soliq to‘lovchi kirishadigan boshqa iqtisodiy munosabatlar, ularning yuridik jihatdan rasmiylashtirilishi usulidan qat'i nazar, o‘zining haqiqiy iqtisodiy mazmunidan kelib chiqqan holda hisobga olinishi bo‘yicha yangi me'yor kiritilmoqda.

Soliq huquqbuzarliklarini amalga oshirayotgan tadbirkorlik sub'yektlariga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qo‘llash tartibi qayta ko‘rib chiqilmoqda.

Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasida soliq nizolarini sudgacha hal qilish tartibi ham aniqlashtirilmoqda. Ya'ni, soliq nizolarini sudgacha muhokama qilishni majburiy o‘tkazish tartibini joriy etish ko‘zda tutilmoqda.

Umuman, matbuot anjumanida yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasida aks etgan shu va boshqa ko‘plab yangiliklar, muhokamalarda bildirilgan hamda bevosita parlament quyi palatasi deputatlari taklifi bilan kiritilayotgan o‘zgarishlar xususida ham atroflicha to‘xtalib o‘tildi.

Ta'kidlanganidek, loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida parlament quyi palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari, qo‘mitalar majlislarida, shuningdek, joylardagi muhokamalar jarayonida deputatlar, tadbirkorlar, olimlar, ekspertlar va mutaxassislar tomonidan 300dan ortiq taklif va mulohaza bildirildi. Mazkur takliflar qonun tashabbuskorlari bilan ishchi guruhlarida ko‘rib chiqilib, yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasiga 70dan ortiq tahririy va konseptual o‘zgarishlar kiritildi. Jumladan, loyihadagi soliq qarzdorligi kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat berish vakolati Davlat soliq qo‘mitasiga taqdim qilinishi taklif etilgan edi.

Muhokamalardan so‘ng yirik korxonalarning soliq qarzdorligini kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash bo‘yicha ruxsat berish vakolati Davlat soliq qo‘mitasiga, qolgan soliq to‘lovchilar bo‘yicha esa, hududiy moliya va soliq organlarining xulosasi asosida Xalq deputatlari viloyat kengashiga berilishi ko‘zda tutilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: