Qorako‘l tumanida «Hosil bayrami» tantanali nishonlandi

Jamiyat 10:20 / 06.12.2019 13516

Qorako‘l tumani mehnatkashlarining 2019 yilgi qishloq xo‘jalik mavsumining muvaffaqiyatli yakunlariga bag‘ishlangan an'anaviy «Hosil bayrami» tadbirlari o‘tkazildi.

Bayram tuman markazida joylashgan baland kenglik hududida xalq sayli sifatida tashkil etildi.

Mavsum ilg‘orlarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali marosimda respublikadan tashrif buyurgan faxriy mehmon, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Fuqarolar murojaatlari bilan ishlash masalalari bo‘yicha Davlat maslahatchisi, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri, general-leytenant  Tursinxon Aydarovich Xudoybergenov ham ishtirok etdi.

Tadbirda Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyev so‘zga chiqib, ishtirokchilarni viloyat miqyosidagi paxta terimi yetakchiligi bilan tabriklab, dehqon va fermerlar, ularga yordam bergan korxona va tashkilotlar, tumanning barcha mehnatkashlariga minnatdorchilik bildirdi. Prezidentning qurilish va obodonlashtirish sohalaridagi Qorako‘l tumaniga berilayotgan ulkan e'tibori viloyat hokimi tomonidan yana bir bor ta'kidlandi.

Joriy yilgi mavsumda yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan hamda tuman paxta xirmoniga salmoqli hissa qo‘shgan barcha hududlar, korxona va tashkilotlar, agrofirmalar, ilg‘or fermerlar tuman hokimi H.G‘oyirovdan qimmatbaho sovg‘alarni qabul qilib olishdi. Umuman, mavsumda faol ishtirok etgan, tuman qishloq xo‘jaligi sohasi rivojiga hissa qo‘shgan har bir inson, har bir jamoa munosib rag‘batlantirildi.

«Tumanimizning har bir hududi uchun ajratilgan maydondagi pavilonlarda aholi uchun hammasi bo‘lib 50 tonnadan ortiq milliy taomlar tayyorlanib, ularning dasturxoniga tortiq qilindi. Mos va xos bo‘lgan, bir-birini aslo takrorlamaydigan milliy xalq o‘yinlari, folklor jamoalarining badiiy chiqishlari tashkil etildi.

Kurash musoboqalari viloyat hokimi, viloyat kurash federatsiyasi rahbari O‘ktam Barnoyev tomonidan ochib berildi. O‘zbek milliy kurashi bo‘yicha tashkil qilingan musobaqalarda viloyat polvonlari, Markaziy Osiyo va yurtimizning boshqa hududlaridan kelgan mahoratli kurashchi yigitlar ishtirok etishdi. Shuningdek, maydonga yig‘ilganlar kun davomida qo‘chqor janglariga ham guvoh bo‘lishdi.

«Hosil bayrami» tadbirida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san'atkorlar Lola Ahmedova, Yulduz Turdiyeva, Iroda Iskandarova, «Shuhrat» medali sohibasi Shirin Mamatova, «Nihol» mukofoti sovrindori Yulduz Nizomova kabi qo‘shiqchilar tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi, yosh ijodkorlar tomonidan ijro etilgan badiiy chiqishlar qatnashchilariga xush kayfiyat, ko‘tarinki ruh bag‘ishladi», deyiladi Qorako‘l tuman hokimligi matbuot xizmati xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: