Turizm qo‘mitasi: «Ko‘plab davlatlarda «Umra» safarlarini tashkil etish xususiy sektor tomonidan amalga oshiriladi»

O‘zbekiston 16:36 / 05.12.2019 18765

3 dekabr kuni qator ijtimoiy tarmoqlar va nashrlarda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita fuqarolarni Umra vizasini soxtalashtirayotgan turfirmalardan ogohlikka chaqirgani haqida maqolalar e'lon qilindi. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ushbu ma'lumot yuzasidan rasmiy munosabat bilan chiqdi.

Ta'kidlanishicha, mamlakatda ushbu jabhada yillar davomida yig‘ilib qolgan va davom etib kelayotgan bu kabi muammoli masalalarni tizimli ravishda hal etish maqsadga muvofiqdir. 

Jahon tajribasidan keltirilishicha, ziyoratchilar uchun «Umra» safarlarini tashkil etish vakolatli davlat organlari tomonidan belgilangan talablar asosida xususiy sektor vakillari tomonidan amalga oshiriladi. Turkiya (156 ta), Indoneziya (101 ta), Malayziya (71 ta) va qo‘shni Qozog‘iston (30 taga yaqin) mamlakatlarida qonunchilik bilan mustahkamlangan aniq tartib-taomil asosida turizm faoliyati sub'yektlari tomonidan «Umra» safarlari yuqori saviyada tashkil etib kelinadi. 

«Buning natijasida esa, mazkur ziyoratni amalga oshirishga qodir bo‘lgan kishilarning yillab navbat kutishi, safar narxining asossiz ko‘tarilishi, fuqarolarning aylanma yo‘llar orqali ziyoratni amalga oshirishi va tadbirkorlik sub'yektlarining yashirin iqtisodiyot vakillari sifatida safarlarni tashkil etishi kabi noxush holatlarga barham berilgan», - deyiladi munosabatda. 

Aytilishicha, O‘zbekistonda «Umra» safarlarini amalga oshirishni xohlovchilar sonining ko‘pligi hamda amaldagi tartib asosida ularning xohishi to‘laqonli qondirilmayotganligi sababli minglab fuqarolarimiz mavjud tartibni chetlab o‘tgan holda turizm tashkilotlari va boshqa vositachi shaxslar orqali muqaddas ziyoratlarini tashkillashtirishiga olib kelmoqda.

Ma'lumotlarga ko‘ra, 2018-2019 yilgi mavsumda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan qancha fuqaro «Umra» ziyoratini amalga oshirgan bo‘lsalar, deyarli shuncha fuqaro Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, BAA kabi mamlakatlar orqali «Umra» safarini amalga oshirishgan. 

«Shuni alohida ta'kidlash kerakki, bu sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish faqatgina turli cheklovlarni o‘rnatish orqali emas, balki fuqarolarimizda muqaddas ziyoratlarni amalga oshirishga bo‘lgan ehtiyojning kattaligini inobatga olgan holda, ularning salomatligi va xavfsizligini ta'minlash hamda fuqarolarning mavjud tartibni chetlab o‘tishlarini oldini olish maqsadida «Umra» ziyoratlarini bozor munosabatlari va fuqarolarning ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda tashkillashtirish maqsadga muvofiq hisoblanadi», - deyiladi Turizm qo‘mitasi rasmiy munosabatida.

Ko‘proq yangiliklar: