Tishlarni astoydil tozalab yurish yurak kasalliklari oldini olishi mumkinligi isbotlandi

Light 17:05 / 05.12.2019 8740

Janubiy koreyalik olimlar og‘iz gigiyenasi va yurak-qon tomir tizimi kasalliklari o‘rtasida kutilmagan bog‘liqlikni topishdi. Buni aniqlash uchun ilgari yurak yetishmovchiligi va tebranuvchi aritmiyadan aziyat chekmagan 40-79 yoshdagi 161 286 nafar ko‘ngilliga murojaat qilindi. 

Bundan tashqari, tadqiqotchilar 10,5 yil davomida tanlab olingan odamlarning vazni, bo‘yi, tahlillari, kasalliklari va og‘iz gigiyenasi o‘zgarishini qayd etib borishdi. Tajriba davomida qatnashchilarning 5 foizida yurak yetishmovchiligi va 3 foizida mersatel aritmiya rivojlangan. Shuningdek, kuniga 3 yoki undan ko‘p marta tishlarini tozalab yuradigan insonlarda yurak yetishmovchiligi rivojlanish xavfi 12 foizga, mersatel aritmiya paydo bo‘lishi ehtimoli esa 10 foizga kamaygan. 

Bunday g‘ayritabiiy bog‘liqlikning ehtimoliy izohlaridan biri avvalroq o‘tkazilgan tadqiqotlarga asoslanadi. Xususan, amerikalik olimlar tishlarni muntazam ravishda tozalab yurmaslik kasallik tug‘diradigan bakteriyalarning tishlar va milklar orasida to‘planib, qonga kirib, yallig‘lanishni keltirib chiqarishi mumkinligini isbotlashdi. Bu o‘z navbatida, aritmiya va yurak yetishmovchiligi xavfini oshiradi. 

Olimlar ta'kidlashicha, tishlarni yuvishni yurak-qon tomir tizimi kasalliklarining oldini olish usuli deb e'lon qilishga hali juda erta: bu qo‘shimcha tadqiqotlarni talab qiladi. Shunga qaramay, hech bo‘lmaganda yoqimli suhbatdosh bo‘lish va tish shifokoriga to‘lanadigan katta miqdordagi mablag‘ sarfining oldini olish uchun tishlarga e'tiborli bo‘lish kerakligi aniq.

Ko‘proq yangiliklar: