NATOning yubiley sammiti: Yetakchilar Boltiqbo‘yi va Polshani Rossiyadan himoya qilishga kelishishdi

Jahon 15:30 / 05.12.2019 24778
Makron, Tramp va Merkel o‘z davlatlari mudofaasi uchun qancha sarflashi borasida bir xil fikrlamaydi.
Ammo bu hozircha NATO yakdilligiga raxna solmayapti

«Bugun biz Boltiqbo‘yi davlatlari va Polsha bilan bog‘liq yangilangan rejani tasdiqlashga kelishib oldik. Men bu qarorni olqishlayman, bu - biz o‘z pozitsiyalarimizni, jumladan Boltiqbo‘yi va Polsha mudofaasi bo‘yicha rejalarni qayta ko‘rib chiqib, yangilab oldinga yura olishimizni ko‘rsatib berdi», deydi sammitdan keyin NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg. 

Sammit arafasida Turkiya AQSh va uning ittifoqchilari tomonidan Suriyadagi kurd otryadlari terrorchilar va alyans dushmani deb tan olinmagani tufayli bu rejaga to‘sqinlik qilish bilan tahdid qilgandi. Anqara kurdlarni terrorchilar deb ataydi, ammo AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya ular bilan ekstremistik guruhlarga qarshi ittifoq tuzgandi.

Bu bahs katta siyosiy ahamiyatga ega edi va Yyens Stoltenberg bu muammoning hal etilishi ittifoqning birdamligini ko‘rsatganini alohida ta'kidladi.

Londondagi sammit yubiley marosim edi va uning ishtirokchilari Yelizaveta II qabulida bo‘lishdi
WPA POOL

London yaqinidagi Uotford shaharchasida bo‘lib o‘tgan, NATO tashkil topganining 70 yilligiga bag‘ishlangan ikki kunlik uchrashuv davomida alyansga a'zo mamlakatlar yetakchilari - ayniqsa AQSh va Fransiya prezidentlari Donald Tramp va Emmanuel Makron - Turkiyaning Suriyadagi harakatlari, ittifoqning strategik maqsadlari va Yevropa hududida harbiy kuchlar ortishi bo‘yicha qattiq bahslashishdi.

3 dekabr kuni Yelizaveta II siyosatchilarni Bukinghemdagi saroyida qabul qildi. Shu kuni Buyuk Britaniya, Niderlandiya va Kanada bosh vazirlari, Fransiya prezidenti va britan malikasi Anna o‘zaro suhbat vaqtida Trampni muhokama qilishgani tasvirlangan video tarqalib ketdi.

Prezident Trampning kutilmagan tvitlari va keskin muhokamalarga qaramay NATO harbiy mashinasi ishlashda va rivojlanishda davom etadi - ayniqsa sharqiy qanot yanada mustahkamlanadi.

«Bilasizmi, men - siyosatchiman va meni chiroyli, lekin mazmunsiz so‘zlarim uchun tanqid qilishlariga ko‘nikkanman. NATOda esa barchasi aksincha. Bizda yomon tashqi belgilar, lekin juda yaxshi tarkibiy qism. Bu esa ajoyib», dedi jurnalistlarga Yyens Stoltenberg.

Yana «miyalar o‘limi» haqida

Emmanuel Makron noyabr oyi boshida Economist  jurnali uchun bergan intervyusida NATOdagi «miyalar o‘limi» haqidagi so‘zlari bilan shovqin ko‘targandi va sammitda bu mavzu yana davom etdi.

O‘sha intervyuda Fransiya prezidenti Yevropadagi NATO davlatlari alyans rolini qayta ko‘rib chiqishi, «harbiy suverenitet»ni qaytarishi, shuningdek Ukraina masalasida qat'iy turishi va Rossiya bilan strategik muloqotni tiklashi kerakligini aytdi.

Bundan tashqari, Makronni Turkiyaning Suriyadagi xatti-harakatlari ittifoqchilar bilan kelishilmagani tashvishlantiradi - u London yaqinidagi sammitda bu haqda yana bir bor gapirdi.

«Afsuski, bizda terrorizm haqida yagona tushuncha qabul qilinmagan. Men Turkiyaga qarayman - ular hozir o‘z vaqtida IShIDga qarshi biz bilan yelkama-yelka turib kurashgan kuchlarga qarshi jang qilishmoqda. Shuningdek, ular ba'zi o‘rinlarda IShIDga aloqador guruhlar bilan ham hamkorlik qilishmoqda. Bu esa - strategik masala! Agar biz bunday vaziyatga aniq yondashuvni belgilab olmasdan faqat qancha pul to‘lashimiz kerakligini muhokama qilsak - bu vaziyatga yengil qarash bo‘ladi! Bu bizning askarlarimizga nisbatan yuzakilik, bu bizning xalqimizga nisbatan yuzakilik qilishdir!», degan Makron jurnalistlarga.

Turklar IShID bilan hamkorligi haqidagi ayblovlarni rad etishadi.

«Yoqimsiz bayonot»

Donald Tramp Makron tomonidan NATOda «miyalar o‘limi» haqida gapirilganini haddan tashqari nazokatsizlik deb atadi.

«28 mamlakatga nisbatan, jumladan Fransiyaga nisbatan ham yoqimsiz bayonot», dedi AQSh prezidenti va o‘z so‘zini davom ettirib, Fransiyada ishsizlik yuqoriligi, hukumat esa Amerika internet-kompaniyalarini katta soliqlarga tortishni istashi, u esa bunga javoban fransuz vinosi uchun boj joriy etishni rejalashtirayotgani haqida gapirdi.

Avvalroq Makronning harbiy suverenitet haqidagi so‘zlari Yevropa siyosatchilari, shu jumladan Germaniya rahbariyati tomonidan tanqidga uchragandi: nemislar NATO bloki hamisha Yevropa xavfsizligi asosi bo‘lib kelgani va bundan keyin ham shunday bo‘lib qolishini ta'kidlashdi.

Tramp va Erdo‘g‘an nimani gaplashgani ma'lum qilinmadi, lekin ular yonma-yon suratga tushishdi

Donald Tramp sammit chog‘ida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan alohida uchrashuv o‘tkazdi. Yarim soatlik uchrashuvda nimalar muhokama qilingani haqida hech kim hech narsa demadi, faqat bu uchrashuv «konstruktiv ruhda o‘tgani» aytildi.

Sammit yakunida ishtirokchilarning «oilaviy foto»sida Erdo‘g‘an birinchi qator o‘rtasida Tramp bilan yonma-yon turdi.

Pul va strategiya

Donald Tramp Amerikaga prezident bo‘lganidan buyon o‘tgan uch yilda NATO yetakchilarining rasmiy va norasmiy uchrashuvlarning har birida harbiy ajratmalar hajmi masalasi o‘rtaga tashlanadi. AQSh prezident har safar yevropaliklar o‘z xavfizliklari ta'minlanishi uchun «to‘lay olishmayotgani» va barchasi AQShning ulkan harbiy budjetiga yuklanayotganini takrorlaydi.

Bu safargi sammitda esa bunday holat kuzatilmadi.

Londondagi sammit arafasida NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg bu yil yakunlariga ko‘ra alyansning AQShdan tashqari 8 a'zosi YaIMning 2 foiziga teng bo‘lgan harbiy xarajatlar plankasiga erishgani, NATOning Yevropadagi davlatlari va Kanadaning harbiy ajratmalari miqdorining umumiy o‘sishi kuzatilgani va bir yilda 130 mlrd dollarni tashkil qilgani haqida hisobot bergandi.

Sammit vaqtida Donald Tramp o‘z tvitida Stoltenbergning bu ma'lumotini katta o‘sish deb atadi.

NATO davlatlari 2014 yilda, Qrim Rossiya tomonidan bosib olinishidan keyin, Tramp saylanishidan ancha oldinroq keyingi o‘n yillikda harbiy xarajatlar uchun ajratmalarni YaIMning 2 foizi darajasiga yetkazish bo‘yicha kelishuvga erishishgandi. Ammo 29 ittifoqchining aksari harbiy ajratmalarni oshirishda juda sekin harakat qilmoqda va hozirdan aytish mumkinki, agar qandaydir g‘ayritabiiy voqea ro‘y bermasa 2024 yilga qadar ular maqsadga erisha olishmaydi..

Qolaversa Fransiya prezidenti Emmanuel Makron birinchi navbatda NATOning mohiyatini va maqsadlarini aniqlashtirib olishga, shundan keyingina harbiy xarajatlarni muhokama qilishga chaqirmoqda.

Shu bilan birgalikda, aytish kerakki, Fransiya 2014 yilda o‘z zimmasiga olgan majburiyatni bajarmoqda - bu davlat armiya uchun YaIMning 1,84 foizini sarflagan. Masalan, Ispaniya, Belgiya va Lyuksemburg kabi davlatlar hali bir foizlik ko‘rsatgichga ham yeta olishmagan.

Ko‘proq yangiliklar: