Blef. Sulsherning asosiy quroli nimada?

Sport 10:30 / 05.12.2019 21105

«Manchester Yunayted» haqida Joze Mourino davridan davom etib kelayotgan bir muammo bor – jamoa pozitsion hujumlarni tashkil qilishda qiynaladi. Natijada, ko‘pchilik bo‘lib himoyalanadigan jamoani yorib o‘tish oson bo‘lmaydi. Bu rostan ham bor narsa.

Shu bilan birga, yana bir stereotip bor – «Manchester Yunayted» qarshi hujumlarni zo‘r tashkil qiladi. Aslida esingizda bo‘lsa, Joze «Real»da ham bu borada juda kuchli mashinani yaratgan, Ronaldu–Di Mariya–O‘zil kabi futbolchilar bilan dunyodagi eng tezkor qarshi hujumlar qila oladigan «Real»ni bilardik. Manchesterga kelib ham Mourino shu yo‘nalishda harakat qildi – Lui van Gaalning to‘p nazoratiga asoslangan o‘yinidan chinakam vertikal jamoaga aylanish uchun bir yildan ortiqroq vaqt ketdi. Ibrahimovich, Mata, Runi kabi futbolchilar yetakchi bo‘lib turganida, tezkorlikni asosiy planga olib chiqish imkonsiz edi va keyingi transferlarda aynan vertikal futbol asosiy talabga aylanib bordi.

Sulsher bilan bu qurol yanada takomillashdi. Birinchidan, ma'lum bir pallada bu juda yaxshi natija berishni boshladi va aynan o‘sha davr – Sulsherning ilk oylari butun Angliyada «Manchester Yunayted» qarshi hujumda benazir harakat qiladi, degan tasavvurni uyg‘otdi. Esingizda bo‘lsa, Sulsher kelgach, «Manchester Yunayted» qatorasiga bir necha o‘yinda safar o‘yinlarini faqat g‘alaba bilan yakunlayverdi. Ular ichida «Tottenhem», «Lester», «Chelsi», «Arsenal» va «PSJ» kabi jamoalar bor ediki, bu o‘yinlardagi gollarga e'tibor bersangiz, asosan tezkor qarshi hujumlarga tayanilgan.

Yozda esa, David Jyeyms ham sotib olindi. Errera, Fellayni va Matichsiz, endi bu «Manchester Yunayted» uchun tezkor hujumlar asosiy emas, yagona qurolga aylanib qoldi. Reshford va Jyeyms - APLdagi eng tezkor besh futbolchidan ikkisi, bular bilan boshqacha o‘ynashni ixtiyor etish ham qiyin. «Manchester Yunayted» pozitsion hujumlarda muammolarga duch kelishda davom etmoqda, «Vulverhempton», «Sauthempton», «Nyukasl», «Bornmut», «Sheffild», «Aston Villa», «Kristal Pelas» jamoalariga qarshi o‘yinlarda ochko yo‘qotildi – bu hali yarmi yakunlanmagan mavsum uchun juda ko‘p. Ammo shu bilan birga, haligi stereotip ham yashayapti – «Manchester Yunayted» qarshi hujumlarda juda xavfli klub.

Bu jamoaga nima bermoqda?

Kechagi o‘yindan keyin Joze Mourino shogirdlarining dadilroq, yanada agressivroq o‘ynamagani asosiy kamchilik bo‘lganini tan oldi. Bu holat tabiiyki, murabbiyning o‘yinga ehtiyotkor yondashuvidan kelib chiqqan oqibat. Qizig‘i, Mourinoni qo‘ying, aynan top o‘yinlardagi dadil taktikalari bilan nom qozongan Yurgen Klopp ham, esingizda bo‘lsa, «Old Trafford»da xuddi shunday vaziyatga tushib qolgandi. Bir emas, ikki marta. Ko‘p mutaxassislar Klopp jamoasi mavsumda birinchi marta o‘ziga o‘xshamagani, o‘ta ehtiyotkor taktika tanlab yuborganini ta'kidlashgandi. Bunday ehtiyotkorlikning manbasi ham aniq – «Manchester Yunayted» qarshi hujumlarda xavfli jamoa.

Sulsherning kulib turgan yuzi pokerdagi blef qiluvchiga hech o‘xshamasa-da, bu holat futboldan ko‘ra, aynan o‘sha o‘yinni eslatib yuboradi. «Manchester Yunayted»da ko‘p qirralar hali shakllanmagan, natija olib kelmayotgan bo‘lishi mumkin, lekin asosiy salohiyat aynan tezkorlikda ekani, bugungi kunda bu jamoaning yagona quroli bo‘lib qolayotgani, beixtiyor top-raqiblarni haddan tashqari ehtiyotkor qilib qo‘yadi. O‘ta yuqori pressing qo‘llash, ko‘pchilik bo‘lib oldinga tashlanishdan qaytaradi – qizig‘i, xuddi shu qarash bumerang kabi, «Yunayted» taktikasini ham belgilab, kutilmaganda «Manchester Yunayted» maydonda tashabbus bilan to‘p surishiga ham zamin yaratadi.

«MYu»ning top-o‘yinlar ssenariylariga e'tibor bering: dastlab, o‘yin boshidan tanlangan taktikada «Arsenal» ham, «Liverpul» ham hech narsa qila olmadi. Chunki raqib qarshi hujumidan qo‘rqib, oldinga tashlanmaslik «MYu»ning vazifasini ancha osonlashtirib yubordi. O‘yin oxirlariga kelib esa, har qanday jamoa tavakkalchilikni boshlaydi, ko‘proq kuch bilan hujumga o‘tadi, himoyani o‘ylashni boshlaydi. «Yunayted» bundan foydalanadimi? Aksariyat hollarda, hujumga tashlangan jamoa niyatiga yetdi, hisobni tenglashtirdi. Nafaqat «Arsenal» va «Liverpul», boshqa, o‘rtacharoq jamoalarni ham eslang – «Manchester Yunayted» bu mavsumda o‘zi hisobda oldinga chiqib olgan 6 o‘yinda g‘alabani ushlab qola olmadi («Aston Villa»dan keyin ikkinchi ko‘rsatkich). Aksariyat hollarda «MYu» birinchi bo‘limlarni juda yaxshi o‘tkazyapti, chunki raqib hali o‘zgarmagan, aynan tayinlangan taktika asosida to‘p surayotgan bo‘ladi. O‘sha taktika esa, biz bilgan asos ustiga quriladi – «Manchester Yunayted» qarshi hujumda juda xavfli.

Qarang, kecha «Tottenhem» 30-45 daqiqalarda faol hujumga o‘tdi va aynan shu daqiqalarda ham gol urib, ham vaziyatlar bo‘yicha ustunlikka erishdi. Londonliklar mezbon jamoa himoyachilarini xato qilishga majbur qilishdi. O‘yinning so‘nggi daqiqalari ham shunaqa – bor kuch bilan «Tottenhem» hisobni tenglashtirishga tashlanganda, eng kuchli o‘yinini ko‘rsatdi, 4 marta aniq zarba berdi. Dastlabki, 75 daqiqada atigi 2ta aniq zarba.

O‘sha daqiqalarda «Manchester Yunayted»da ikkita yaxshi vaziyat bo‘ldi, to‘g‘ri, lekin foydalana olmadi. Kecha ham, yuqorida tilga olingan aksariyat o‘yinlarda ham «Manchester Yunayted» qarshi hujum qurolidan foydalana olmayapti aslida. «Chelsi»ga qarshi o‘yinda 3 gol urib, hisob yiriklashtirilganini aytmasa, asosan «MYu» qarshi hujumda hisobni oshirishdan ko‘ra, raqibning hisobni tenglashtirishi ko‘proq ro‘y bermoqda. Hisob ochilgan 6 o‘yin g‘alaba bilan yakunlanmaganining asosiy sababi shu – qarshi hujumlardan foydalanib, hisobni oshira olmaslikdan, aslida eng katta kamchilik shu yerda, to‘g‘rimi? Qarshi hujum «MYu»ga foyda berayotgan yagona jihat, qarshi hujumlarning o‘zi emas, boshqa – raqibning, ayniqsa, top-klublarning bundan qo‘rqayotgani xolos. Boshqa o‘ynashni bilmasligidanmi, yoki rostan ham qarshi hujum tayaniladigan asosiy poydevormi, farqi yo‘q, Sulsher qo‘lida qartani ushlab, raqibiga ma'noli tabassum qiladi – biz qarshi hujumda xavflimiz. Tamom.

Sulsher kelganidan keyin kuboklar bilan qo‘shib hisoblaganda Top-6 ga qarshi 12 o‘yin o‘tkazildi. Buning yarmi «Manchester Yunayte«» g‘alabasi bilan yakunlandi. 4 uchrashuv durang bilan yakunlandi. Atigi ikki marta – «Arsenal»ga qarshi safar o‘yinida (qizig‘i, o‘shanda «MYu» birinchi raqamda o‘ynashga majbur bo‘lgandi) va chempionlik uchun o‘ta yuqori motivatsiyaga ega bo‘lgan «Manchester Siti»dan «Old Trafford»da mag‘lubiyatga uchraldi.  Ajoyib natija. «Chelsi», «Tottenhem» va «Liverpul» hali Sulsher ustidan g‘alaba qozonganicha yo‘q. «Arsenal» va «Liverpul»ga qarshi durang bilan yakunlangan o‘yinlarda ham «Yunayted» hisobni ochib, o‘yin oxirlarigacha oldinda borganini e'tiborga olsak, bemalol «MYu»ning top-o‘yinlaridagi ustunligini ko‘ramiz. «Aston Villa» kabi jamoalar esa, «MYu»ning qarshi hujumidan, umuman boshqa jamoaning hujumidan qo‘rqmaydi, o‘zining bilgan o‘yinini qilaveradi.

Vaziyatga pozitiv tomondan qaraganimizda, top-o‘yinlardagi bunday natijalar kelajakka ishonch beradi. Matichdan voz kechish, «MYu» transfer bozorida ko‘rib chiqayotgan ijrochilar (Sancho, Meddison, Fernandesh, Holand) ham jamoa yana shu yo‘nalishda davom etmoqchi ekanini ko‘rsatadi. Qanaqadir pozitsion hujumlar, o‘rtamiyonalar bilan natijaga erishishning esa boshqa yo‘li bor – uchta yoki to‘rtta katta transfer orqali jamoaning mahoratini oshirish. Ungacha esa, Sulsherning qo‘lida Perreyra bo‘ladimi, Grinvudmi, farqi yo‘q, kulib turaveradi: «Manchester Yunayted» qarshi hujumda xavfli. Istasang, sinab ko‘r».

Qahramon Aslanov

Ko‘proq yangiliklar: