2019 yil 25 noyabr – 29 noyabr kunlari "O‘zRTXB" AJda o‘tkazilgan birja savdo natijalariga ko‘ra birja bozorining turli tovar segmentlarida narxlar dinamikasi ustuvor ravishda pasaydi.
Ko‘rib chiqilayotgan davr mobaynida 4944,7 tonna AI-91 rusumli benzin birja savdolariga qo‘yildi va shundan 3486,4 tonnasi sotildi. So‘nggi savdo haftasida AI-91 rusumli benzini bo‘yicha shakllangan birja kotirovkasi avvalgi haftaga nisbatan biroz ko‘tarilib, bir tonnasi uchun 6233,4 ming so‘mni tashkil etdi.
O‘tgan haftada suyultirilgan gaz ishlab chiqaruvchilari birja savdolari orqali 12,8 mlrd so‘mlik 4700,0 tonna suyultirilgan gaz sotishdi. Gazning birjada shakllangan narxi oldingi haftaga nisbatan 0,9 foizga pasayib, bir tonna uchun 2729,8 ming so‘mni tashkil etdi.
Birjada paxta tolasi narxlari pasayishi kuzatildi. O‘tgan hafta 1-nav 4-tip (oliy 2019)dagi paxta tolasi bo‘yicha narxlar 1,9 foizga pasayib, bir tonna uchun 14,5 mln so‘mni tashkil etdi. Paxta tolasini boshqa navlarining narxlari o‘rtacha 10,9 mln so‘mdan 13,6 mln so‘mgacha bo‘ldi.