Adebayor: «Qaysarispor»ni tark etdim, tez orada bir qarorga kelaman»

Sport 13:52 / 05.12.2019 15079

«Qaysarispor» klubining eng taniqli futbolchisi Emmanuel Adebayor Turkiya jamoasini tark etganligini tasdiqladi. Bu haqda futbolchi «BBC»ga intervyu berdi.

35 yoshli togolik forvard Turkiya chempionatining 18-turidagi «Beshiktosh» - «Qaysarisor» (4:1) o‘yinidagi mag‘lubiyatdan keyin bu uchrashuv uning turk klubidagi so‘nggi bahsi bo‘lganligini aytdi. Shu kuni u «Qaysarispor»ning yagona goliga mualliflik qildi.

«Qaysarispor»dagi faoliyatim men uchun qiyin kechdi. Uzoq o‘ylab, klubni tark etishga qaror qildim. Bu faoliyatimdagi eng qiyin qarorlardan biri bo‘ldi. Jamoaga yangi tarix yaratish uchun katta maqsadlar bilan kelgandim. Ammo barchasi men o‘ylagandek bo‘lmadi. Oilam va hammasini o‘ylab ko‘rib, klubni tark etish va hayotda oldinga intilish kerak degan xulosaga keldim. Jamoani tark etsam-da, bu klub yuragimda qoladi. Turkiyada uch yilni yaxshi o‘tkazdim. Turkiya Superligasini Yevropaning eng yaxshi ligalari qatorida bo‘lishini tilayman» - dedi Adebayor.

Taniqli futbolchining ma'lum qilishicha, u keyingi faoliyati borasida tez orada bir qarorga keladi. Shu bilan birga afrikalik forvard Turkiyaga yana qaytishi mumkinligini rad etmadi.

«Faoliyatimni yakunlash fikridan yiroqman. Shunchaki, hozircha barchasini unutib, uyga qaytishni va keyingi faoliyatim haqida o‘ylab ko‘rishni istayman. Turkiyaga yana qaytamanmi yoki yo‘q, buni vaqt ko‘rsatadi. 1-2 hafta uyda, oilam, yaqinlarim davrasida bo‘lganimdan so‘ng, keyingi faoliyatim va klubim borasida bir qarorga kelaman» - deya fikr bildirgan Adebayor BBC muxbiri bilan suhbatda.

Ma'lumot uchun, Emmanuel Adebayor «Arsenal» (2005-2009), «Manchester Siti» (2009-2011), «Real» (2010-2011), «Tottenhem» (2011-2015) va «Kristal Pelas» (2015-2016) kabi klublarda to‘p surgan, 2017 yil yanvarida Turkiya chempionatiga yo‘l olgan edi. U uch mavsum «Istanbul» klubida o‘ynagach, 2019 yil avgustida «Qaysarispor» safiga kelib qo‘shilgan va jamoa bilan bir yillik shartnoma imzolagandi.

«Qaysarispor» Turkiya Superligasi 13-turidan keyin turnir jadvalida bor yo‘g‘i bitta g‘alaba bilan so‘nggi 18-o‘rinni egallab turibdi.

Eslatib o‘tamiz, kuni kecha Turkiyaning «Milliyet» nashri Emmanuel Adebayorning «Paxtakor» safiga o‘tish masalasida Shota Arveladze bilan og‘zaki kelishuvga erishgani haqida xabar bergandi. 

Ko‘proq yangiliklar: