Tomoshabinlar tashrifi: Superligada eng ko‘p muxlis qaysi klub va shaharlarda?

Sport 11:20 / 04.12.2019 13793

Bahorda start olgan Superliga bahslari, qish arafisida yakuniga yetdi. Tribuna.uz jamoalarning mavsum davomida uy stadionlariga tashrif buyurgan tomoshabinlar sonini sarhisob qilib, klublarning muxlis to‘plash borasidagi natijalariga nazar soldi.

 «Navbahor» muxlislik borasida peshqadam

Namanganning «Navbahor» klubi mavsumni 9-o‘rinda yakunlagan bo‘lsa, jamoa muxlislari bu borada peshqadam bo‘lishdi. 2019 yilgi Superliga bahslarida mezbonlikdagi o‘yinlarda tomoshabin yig‘ish bo‘yicha «Navbahor»ga teng keladigani topilmadi. Namangandagi stadionning maydoni mavsum boshlanishiga tayyor emasligi sabab klub dastlabki uchrashuvlarini Farg‘onada o‘tkazgan bo‘lishiga qaramay, Andrey Kanchelskis jamoasi tomoshabinlar mehri borasida 1-o‘rinni oldi. «Navbahor»ning Namangandagi birinchi o‘yini Superliga 7-turi doirasida «So‘g‘diyona»ga qarshi o‘tkazilib, shu kuni stadionda anshlag kuzatildi. Mezbonlarning 3:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan bahsda «Markaziy» o‘yingohda 25 727 tomoshabin tashrif buyurgan. Umuman olganda, «Navbahor» mezbonligidagi o‘tgan har bir uchrashuvda stadionga o‘rtacha 11 233 nafar tomoshabin to‘g‘ri keladi. Bu Superliga-2019dagi eng yaxshi ko‘rsatkichdir.

 «Paxtakor» va «Nasaf» uchlikda

«Paxtakor» chempionligi bilan yakunlangan mavsumda klub tomoshabinlar tashrifi borasida ham ijobiy o‘zgarishlarga qo‘l urdi va bu o‘z mevasini bermay qolmadi. Yaqin o‘n yillikda o‘z stadionidagi tashrif bo‘yicha o‘nlikdan ham joy ololmay kelgan «Paxtakor», so‘nggi ikki yildirki kuchli uchtalikdan o‘rin olmoqda. 2018 yilda uy o‘yinlarida o‘rtacha 10 893 tomoshabin yig‘ib, 3-o‘rinda qayd etilgan «Sherlar» muxlislari, bu yil tashrif borasida pastroq ko‘rsatkich – o‘rtacha 8 048 tomoshabin qayd etgan bo‘lsa-da, bu tashrif borasida 2-o‘rini egallashlariga yetarli bo‘ldi.

 Ro‘ziqul Berdiyev boshchiligidagi «Nasaf» klubi chempionatni 7-o‘rinda yakunlagan bo‘lsa, Qashqadaryodagi muxlislar tashrifi bo‘yicha jamoa 3-o‘rinda qayd qilindi. Qarshidagi «Markaziy» stadionda Superliganing 13 ta uchrashuvida o‘rtacha 7 499 tomoshabin, jami 97 487 muxlis tashrif buyurgan. O‘tgan mavsum bilan taqqoslaganda, bu borada o‘sish bor. «Nasaf» 2018 yilda o‘z uyida o‘rtacha 5607 tomoshabin to‘plab, o‘nlikka kirgan bo‘lsa, bu yil katta o‘sishga erishdi.

 «Andijon»da o‘sish, «Buxoro»da pasayish

«Andijon» jamoasi ham natija borasida Superliganing o‘nligiga kirgan bo‘lsa, stadiondagi muxlislari soni borasida eng yaxshi to‘rt jamoadan biri bo‘ldi. Bu yil katta hajmdagi ishlar qilingan «Sog‘lom avlod» arenasida mezbonlarning har o‘yiniga o‘rtacha 7414 tomoshabin «Burgutlar»ni stadionda qo‘llab-quvvatlagan. O‘tgan yilgi Pro-ligadagi tashrif 1792 tomoshabin bilan taqqoslaganda, debyutant klubda yaxshigina o‘sishni ko‘rish mumkin.

 So‘nggi besh mavsumdan buyon tomoshabinlar tashrifi borasida eng yaxshi ko‘rsatkichlar qatorida bo‘lgan «Buxoro»da bu yil pasayish kuzatildi. Hech shubhasizki, bunga jamoaning qoniqarsiz natijalari sabab bo‘ldi. Birgina faktning o‘zi tomoshabinlar tashrifi pasayishini izohlay oladi: «Buxoro» 2019 yilgi mavsumda o‘z uyida bor yo‘g‘i ikkita uchrashuvda g‘alaba qozongan va ikki o‘yinda ham penaltidan kiritilgan gol evaziga «Andijon» va OKMKni mag‘lub eta olgan. Superligada zo‘rg‘a ilinib qolgan jamoaning bu yilgi uchrashuvlariga o‘rtacha 7 156 ishqiboz kelgani ham aslida, jamoaning muxlislardan minnatdor bo‘lishiga yetarlicha asos bo‘la oladi.

 «Dinamo» va «Surxon» yonma-yon

Mavsum boshida O‘FA qarori bilan Superligaga bir vaqtda qo‘shilgan «Dinamo» va «Surxon» klublari tomoshabinlar tashrifi borasida ham yonma-yon o‘rinlarda bo‘lishdi. Samarqand jamoasi mavsum yakunlariga ko‘ra so‘nggi o‘rinni egallab, Superligani alamli tarzda tark etishi oydinlashgan bo‘lsa-da, ko‘hna shaharlik muxlislarning katta futbolni sog‘inganliklari sezildi. Ayniqsa, 1-davradagi o‘yinlarda «Dinamo» stadionida o‘rtacha 10 ming atrofida tomoshabin to‘plangan bo‘lsa, qator mag‘lubiyatlar sabab tashrif jiddiy kamaya boshladi. Shunga qaramay, muxlislarning o‘rtacha tashrifi 6 883 tomoshabinni tashkil etdi va bu borada «Dinamo» 6-o‘rinda qayd etildi.

 Uzoq muddatdan keyin Superligaga qaytgan «Surxon» jamoasi chempionatni 6-o‘rinda yakunlagan bo‘lsa, muxlislari tashrifi borasida 7-o‘rindan joy oldi. Termizdagi o‘yingohda o‘rtacha 5 894 tomoshabin kuzatilgan.

 Jizzax, Qo‘qon, Navoiy, Bekobod - bir safda

Ushbu shaharlar sharafini himoya qiladigan klublar mezbonligidagi o‘yinlarda muxlislarning stadionga tashrifi o‘rtacha 4 ming nafardan ziyodroq bo‘lgan. Xususan, «So‘g‘diyona»da 4538, «Qo‘qon-1912»da 4502, «Qizilqum»da 4411, «Metallurg»da esa o‘rtacha tashrif 4333 nafar muxlisni tashkil etgan.

 Peshqadamlar «autsayder»ga aylanganda...

Tomoshabinlar tashrifi borasida Superligada paradoks holat ko‘p yillardan buyon uchraydi. Chempionatda doimo yuqori natija uchun kurash olib boradigan, joriy mavsum ham sovrindorlar safidan o‘rin olgan «Bunyodkor» va «Lokomotiv» klublari mezbonlikdagi tomoshabinlar tashrifi borasida oqsashmoqda. Poytaxtning bu klublaridan tashqari, Olmaliqning OKMK klubi ham kubok finallariga chiqqan bo‘lishiga qaramay, tashrif borasida eng yomon natija qayd etmoqda. Bu jamoalarning uy o‘yinlaridagi 2019 yilgi o‘rtacha tashrif 2 ming tomoshabin atrofida qolgan. Qolaversa, bu borada mavsum antirekordi ham ushbu klublar o‘yiniga to‘g‘ri kelgan. OChL uchun kurash olib borgan «Bunyodkor» ishtirokidagi o‘yinda 585, 2-o‘rin sohibi «Lokomotiv» uchrashuviga 867, OKMKning Olmaliqdagi so‘nggi bahslaridan biriga 246 nafar tomoshabin tashrif buyurib, mavsum antirekordi qayd qilingan.

 Superliga-2019da eng ko‘p tomoshabin kelgan uchrashuv:

7-tur: «Navbahor» - «So‘g‘diyona» - 3:1. Namangan, 25 727 tomoshabin.

Superliga-2019da eng kam tomoshabin kelgan uchrashuv:

25-tur: OKMK - «Qizilqum» - 4:1. Olmaliq, 246 tomoshabin.

Usmon IBODOV tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: