Qibraydagi bog‘cha mudiri ishdan bo‘shatildi. Muassasada oziq-ovqat mahsulotlari talon-toroj qilingani aniqlangandi

Jamiyat 17:10 / 04.12.2019 5285

Qibray tumanidagi 25-sonli maktabgacha ta'lim muassasasida 180,4 mln so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilingan.

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi tomonidan ushbu ta'lim muassasasida o‘tkazilgan tekshiruv natijalari ma'lum qilindi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berishicha, muassasa omboridagi mahsulotlar sanoqdan o‘tkazilganda, 33 xil turdagi 21,6 mln so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari kamomadi borligi aniqlangan.

Bundan tashqari, 2018-2019 yillar davomida 4,1 tonna go‘sht (134,7 mln so‘mlik) hamda 7,9 ming litr sut mahsulotlari (24 mln so‘mlik) tashkilot tarbiyalanuvchilarga berilmasdan o‘zlashtirib yuborilgan.

19 noyabr kuni mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qibray tumani bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergovga tegishliligi bo‘yicha tuman prokuraturasiga yuborilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tergov natijasi xaqida qo‘shimcha xabar beriladi.

Ma'lum qilinishicha, Toshkent viloyati MTB boshlig‘ining 27 noyabrdagi buyrug‘iga asosan Qibray tumanidagi 25-sonli maktabgacha ta'lim muassasasi mudirasi Z.S. egallab turgan lavozimdan ozod etilgan.

Ko‘proq yangiliklar: