«Paxtakor» stadionidagi so‘nggi o‘yinga Alisher Usmonov kelishi kutilmoqda

Sport 13:30 / 04.12.2019 43500

Bugun, 4 dekabr kuni 63 yillik tarixga ega Toshkentdagi «Paxtakor» stadionida so‘nggi rasmiy uchrashuv o‘tkaziladi. 

O‘zbekiston liga kubogi finali doirasida AGMK - «Paxtakor» jamoalari nufuzi bo‘yicha uchinchi turnir sanalmish liga kubogi uchun kurash olib borishadi.

Tribuna.uz nashrining «Paxtakor» klubidagi manbasi xabar berishicha, bir otaliq homiyga ega ushbu klublar o‘rtasidagi final bahsini tomosha qilish uchun martabali mehmon – rossiyalik milliarder, Xalqaro Qilichbozlik Federatsiyasi prezidenti Alisher Usmonov tashrif buyurishi rejalashtirilgan.

Ushbu tashrif davomida «Paxtakor» stadioni o‘rniga quriladigan yangi stadion loyihasi tasdiqlanishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 3 dekabr kuni Alisher Usmonov Shveytsariyaning Lozanna shahrida Xalqaro qilichbozlik federatsiyasining har yil o‘tkaziluvchi kongressida Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax tomonidan Olimpiya qadriyatlarini doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlashi va ommalashtirishi uchun mukofotlagandi. Ma'lumotlarga ko‘ra, asli o‘zbekistonlik milliarder 3 dekabr kuni Yevropadan Toshkentga kelgan.

Bundan avvalroq «Paxtakor» bosh direktori Dmitriy Adisman Kun.uz muxbiri bilan suhbatda 2020 yil yanvarida klub uchun yangi stadion qurilishi  boshlanishini ma'lum qilgandi. U o‘shanda stadion qurilishi uchun Usmonov tomonidan mablag‘ ajratilishini qo‘shimcha qilgandi.

«Paxtakor» markaziy o‘yingohi 1956 yilda qurilgan, ushbu stadion 2012 yilga qadar O‘zbekiston terma jamoasi uy uchrashuvlarini o‘tkazadigan asosiy stadion sifatida xizmat qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: