Mbokani «Paxtakor»ning taklifini rad etdi

Sport 15:51 / 04.12.2019 16623

O‘zbekistonning 12 karra chempioni «Paxtakor» klubi kongolik tajribali hujumchi, ayni vaqtda Belgiya chempionatining «Antverpen» klubi a'zosi hisoblangan Demersi Mbokanini safiga qo‘shib olishga urindi.

Het Niewusblad nashri ma'lumotiga ko‘ra, toshkentliklar klubi ushbu 34 yoshli kongolik hujumchi transferi uchun belgiyaliklar klubiga ham, futbolchining o‘ziga katta miqdorda mablag‘ taklif qilgan. Ammo bu taklifga «Antverpen» ham, Mbokani ham rozilik bermagan.

«Rossiyalik milliarder Alisher Usmonov bilan aloqador bo‘lgan o‘zbek klubi 34 yoshli futbolchiga hozirgidan bir necha barobar yuqori maosh taklif qilgan, ammo pul «Paxtakor» tomonining yagona jiddiy argumenti bo‘lgan», deyiladi xabarda.

Mbokani joriy mavsumda «Antverpen» safida 17 o‘yinda 13 gol urgan holda Belgiya chempionatining eng yaxshi to‘purari bo‘lib turibdi. Antverpenliklar 17 o‘yinda 31 ochko jamg‘argan holda, turnir jadvalida 7-o‘rinda bormoqda.

Ma'lumot uchun, Mbokani o‘z faoliyati davomida «Standart» (2008-2010), «Monako» (2010-2011), «Volfsburg» (2010-2011), «Lokeren» (2011-2012), «Dinamo» Kiyev (2013-2015, 2017-2018), «Norvich» (2015-2016), «Hall Siti» (2016-17) klublari a'zosi bo‘lgan. U «Antverpen»da birinchi marta 2011-2013 yillarda to‘p surgan va 2018 yil yozida yana shu jamoaga qaytgan.

Bundan oldinroq «Paxtakor» boshqa bir jahon yulduzi, o‘z vaqtida «Arsenal» va «Manchester Siti»da yorqin mavsumlar o‘tkazgan Emmanuel Adebayor bilan kelishuvga erishgani haqida xabar berilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: