Berlinda o‘ldirilgan chechen tufayli Germaniya Rossiya diplomatlarini mamlakatdan chiqarib yuboradi

Jahon 19:25 / 04.12.2019 64902

Germaniya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida aytilishicha, Rossiya elchixonasining ikki xodimi persona non-grata deb e'lon qilingan va ular 7 kun ichida mamlakatni tark etishi kerak bo‘ladi.

Bunday qarorga bir necha marta yuqori darajadagi so‘rovlar bo‘lishiga qaramasdan Rossiya hukumati shu yilning 23 avgustida Berlinda yuz bergan qotillikni tergov qilishda yetarlicha hamkorlik qilmagani sabab bo‘ldi. 

Vazirlik xabarida tergov organlari asli chechen, Gruziya fuqaroligiga ega bo‘lgan Xongoshvilining o‘ldirilishi Rossiya Federatsiyasi hukumati yoki Checheniston Respublikasi rahbariyati buyrug‘i bilan sodir etilgani bo‘yicha gumon qilayotgani qayd etib o‘tilgan.

«Hukumat nuqtayi nazaridan Rossiya hukumatining ishtiroki muhim sanaladi, ayniqsa bugun bosh prokuratura ushbu qotillik Checheniston Respublikasi davlat organlari yoki hukumati buyurtmasi bilan amalga oshirilganini tasdiqlovchi dalillarga ega bo‘lgan bir vaqtda», - deyiladi bayonotda.

Germaniya TIVning rasmiy notasida Rossiyadan ushbu ish bo‘yicha bosh prokuraturaga barcha zarur yordamni ko‘rsatish so‘ralgan.

Spiegel jurnali xabarida esa mamlakatdan chiqarib yuborilayotgan diplomatlarning ikkisi ham Rossiya maxsus xizmatlari xodimlari ekani aytilgan.

Rossiya TIV xabar qildiki, rasmiy Moskva o‘z elchixonasi xodimlari chiqarib yuborilishiga javoban tegishli choralarni ko‘radi.

«Germaniya tomonining Rossiyaning Berlindagi elchixonasining ikki xodimi chiqarib yuborilishi haqidagi bayonotini asossiz va do‘stona bo‘lmagan bayonot sifatida qabul qilamiz. Tergov ishiga siyosiy maqsadlarda yondashilishiga yo‘l qo‘ymaymiz», deyilgan vazirlik xabarida.

Zelimxan Xangoshvili 40 yoshda edi

Sobiq chechen dala qo‘mondoni, Gruziya pasportiga ega bo‘lgan Zelimxan Xangoshvili 23 avgust kuni Berlin markazida o‘ldirilgandi. Politsiya gumonlanuvchini qo‘lga olgan, OAVda yozilishicha bu Rossiya fuqarosi bo‘lgan.

Chorshanba kuni Germaniya bosh prokuraturasi Xangoshvili qotilligi bo‘yicha tekshiruv boshladi, muassasa xabarida u Tornike K. sifatida keltirilgan.

Bundan avvalroq Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Xongoshvilining o‘limiga Rossiya hukumati aloqadorligi haqidagi xabarlarni «asossiz da'volar» deb atagandi.

«Bu yerda hech qanday jiddiy gumon yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas. Bunga qanaqasiga Rossiya hukumati aloqador bo‘lishi mumkin. Bu mutlaqo asossiz da'vo. Bu mavzu Germaniya nashrlari tomonidan ko‘tarildi, lekin bu degani ish ular yozganidek bo‘lganini anglatmaydi», deydi u.

Zelimxan Xangoshvili kim o‘zi?

Aslan Masxadov (chapda) va Zelimxan Xangoshvili (o‘ngda) Checheniston tog‘larida, 2002 yil

Gruziyalik Zelimxan Xangoshvili ikkinchi chechen urushi vaqtida federal harbiylarga qarshi jang qilgan, keyinroq u Rossiyada terrorizmda gumonlanib qidiruvga berilgan. Gruziyada hayotiga suiqasd qilingach chechen qo‘mondoni Yevropaga qochib ketgan.

Xangoshvili 2012 yilda gruzin harbiylari va chechen jangarilari muzokaralarida qatnashgan, o‘shanda chechenlar gruzin qishlog‘i aholisini garovga olib, Gruziyadagi tog‘lar orqali Chechenistonga o‘tishlari uchun yo‘lak qoldirilishini talab qilishgandi.

Zelimxanning ukasining so‘zlariga ko‘ra, u 2016 yilda Germaniyaga kelib joylashgan. Nemis nashrlari yozishicha, Germaniya xavfsizlik xizmati organlari bir muddat Xangoshviliga «jamiyat xavfsizligi uchun tahdid qiluvchi shaxs» sifatida qarashgan, ammo 2018 yilda hech bir sababsiz unga bunday gumonlar barham topgan.

Chechen dala qo‘mondoni Aslan Masxadovning o‘g‘li Anzor Bi-bi-si uchun bergan intervyusida Berlinda Xangoshvilining o‘ldirilishi Yevropada yashovchi barcha chechenlar uchun ogohlantiruv bo‘lganini aytgan.

Ko‘proq yangiliklar: