Viloyatlardagi ayrim yo‘l patrul-postlar faoliyati qayta tiklandi. IIV bu borada izoh berdi

O‘zbekiston 16:00 / 03.12.2019 112596

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Farg‘ona vodiysi yo‘llaridagi nazorat postlari qayta tiklanayotgani haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.

«Oxirgi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda viloyatlarning chegara hududlarida qayta tiklanayotgan «post»lar haqida ma'lumotlar tarqatilib, nima sababdan bunday ishlar amalga oshirilayotganligi to‘g‘risida savollar ko‘payib bormoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 19 maydagi «O‘zbekiston Respublikasi yo‘l xavfsizligini ta'minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 377-son qaroriga muvofiq, respublika hududida mavjud bo‘lgan 133ta yo‘l-patrul xizmati statsionar postlari va patrul-post xizmati postlaridan 74tasining faoliyati tugatilib, bugungi kunda ulardan 59tasi o‘z ishini davom ettirmoqda.

Shu bilan bir qatorda, yuzaga kelgan tezkor va kriminogen vaziyatni inobatga olgan holda, o‘rnatilgan tartibda, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi rahbariyati bilan kelishgan holda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar va Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmalari va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari tomonidan yo‘l-patrul va patrul-post xizmati postlarini vaqtincha tashkil etish va tugatish tartibi mavjud.

Yurtimizda rejalashtirilayotgan nufuzli siyosiy va bayram tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish jarayonida xavfsizlikni ta'minlashni samarali tashkil etish maqsadida, ayrim hududlarda vaqtinchalik yo‘l-patrul va patrul-post xizmati postlari tashkil etilmoqda.

IIV Axborot xizmati rahbari fuqarolarimizdan ushbu xavfsizlik nuqtai nazaridan amalga oshirilayotgan muhim vazifalarni to‘g‘ri qabul qilishlarini hamda ijtimoiy tarmoqlarda turli nomaqbul fikrlarni tarqatmasliklarini so‘raydi», deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.

Bundan avvalroq, mahalliy nashrlarda «Farg‘ona—Vodil», «Farg‘ona—Avval» yo‘llarida 2018 yil boshida tugatilgan nazorat postlari, shuningdek, Quvasoy shahriga kirishdagi «Pakana» posti, Qo‘chqorchiga kirishdagi post, «Quvasoy—Arsif» yo‘nalishidagi «Behizor» postlari qayta tiklangani haqida xabarlar tarqalgandi.

Bundan tashqari, Toshkent viloyati Qibray tumanidagi Agrar universitet bilan Salor qo‘rg‘oni oralig‘idagi post, Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanidagi «Sarmijon» va «Eshonko‘prik» postlari faoliyati 2018 yil boshida to‘xtatilgach, ko‘p o‘tmay yana qayta tiklangan.

Eslatib o‘tamiz, viloyatlar chegaralaridagi nazorat postlari Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga 2017 yilgi murojaatnomasidan so‘ng olib tashlangan edi. 

«O‘zingiz o‘ylang, bugungi kunda mamlakatimiz hududida 60 dan ziyod bunday post mavjud. Endi tasavvur qiling, oddiy odam Xorazmdan Toshkentga mashinasida bormoqchi bo‘lsa, yo‘lda 17 ta postdan o‘tadi. Farg‘ona vodiysidan kelayotgan kishi esa 8 ta ana shunday postga duch keladi», degan edi bunday postlarning «eskicha joylashuvi harakatlanish erkinligini cheklab, savdo-iqtisodiy munosabatlar, ichki va tashqi turizm rivojiga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgani»ni ta'kidlagan davlat rahbari.

Ko‘proq yangiliklar: