Toshkent va Dushanbe shahri hokimlari o‘zaro hamkorlik bo‘yicha kelishuvga erishdi

O‘zbekiston 13:10 / 03.12.2019 11055

Bugun, 3 dekabr kuni Dushanbe shahri raisi Rustam Emomali Toshkentga rasmiy tashrif bilan keldi. Mehmonni Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroportda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev kutib oldi.

Tojikiston delegatsiyasi Toshkent shahar hokimligiga tashrif buyurdi. Jahongir Ortiqxo‘jayev va Rustam Imomali hokimlikda uchrashib, o‘zaro munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari haqida fikr almashdi va tomonlar o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

«Toshkent shahar hokimligida Dushanbe shahri raisi Rustam Imomali boshchiligidagi delegatsiya bilan o‘tkazilgan uchrashuv davomida tomonlar ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish masalasini muhokama etishdi.

Toshkent shahar hokimi o‘zbek va tojik xalqlarini ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik, yagona din, o‘xshash madaniyat, urf-odat va an'analar bir-biriga mustahkam bog‘lab turishini e'tirof etdi va Toshkent Dushanbe bilan har tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga tayyor ekanligini bildirdi.

Rustam Imomoli samimiy qabul va do‘stona muhit uchun minnatdorligini izhor etib, Toshkentdagi o‘zgarish va yangilanishlar jarayoni ular uchun qiziqarli ekanligini, Dushanbe tomoni poytaxtimizning qurilish sohasidagi tajribasi bilan tanishish niyatidaligini ma'lum qildi. Shuningdek, kelgusi yilda Dushanbeda Toshkent kunlarini tashkil etish va uning doirasida yoshlar forumini o‘tkazish rejalashtirilayotganligini aytib o‘tdi.

Uchrashuv davomida ikki tomon vakillari o‘rtasida 2020-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasining Toshkent shahri va Tojikiston Respublikasining Dushanbe shahri ijroiya qo‘mitalari o‘rtasida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda birgalikda bajariladigan tadbirlar rejasini amalga oshirishga qaratilgan bitim imzolandi», deyiladi Toshkent shahri hokimligi matbuot xizmati xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: