O‘zbekiston Hindiston bilan hamkorlikda «Texnologik xab» tashkil etadi

O‘zbekiston 09:31 / 03.12.2019 1884

Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov boshchiligidagi delegatsiya Hindistonning Gujarat shtatidagi “iCreate” (International centre for entrepreneurship and technology) hamda startaplarni rivojlantirish bilan shug‘ullanuvchi DevX kompaniyalariga tashrif buyurdi.

Ahmadobod atrofida qad rostlagan “iCreate” tadbirkorlik va texnologiyalar xalqaro markazida tadbirkorlik, tadqiqotchilik, innovatsiyalar, axborot texnologiyalari, muhandislik va boshqa sohalarning yetakchi mutaxassislari faoliyat yuritadi. DevX kompaniyasi esa texnik ekspertiza va korporativ aloqalarni o‘rnatishda 20 yillik tajribaga ega bo‘lgan yirik innovatsion tuzilma bo‘lib, korporatsiyalarga turli murakkablikdagi biznes masalalarni hal etishda ko‘mak beradi. 

Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi hamda Hindistonning iCreate (International centre for entrepreneurship and technology) kompaniyasi, shuningdek DevX kompaniyasi O‘zaro anglashuv memorandumlarini imzoladi. 

Kelishuvlarga ko‘ra, tomonlar tadqiqotlar va innovatsiyalar sohasida ikki mamlakat startaplari o‘rtasidagi ikki taraflama hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha qator ishlar amalga oshiriladi. Hamkorlik doirasida O‘zbekistonda tashkil etilgan startap kompaniyalari Hindistonga o‘z texnologiyalarini transfer qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Xuddi shunday hind texnologik startaplari, kichik va o‘rta biznes vakillari O‘zbekistonga tashrif buyurib, innovatsilarni rivoji uchun yurtimizdagi mavjud sharoitlar bilan tanishadilar.

Shuningdek, Hindiston va O‘zbekiston ilmiy jamoatchiligi o‘rtasida muloqotni kengaytirish, turli sohalarda qo‘shma tadqiqotlar olib borilishiga qaratilgan loyihalar ham amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Ilg‘or texnologiyalar markazida hindistonlik hamkorlar bilan birgalikda bir qator qo‘shma startap loyihalarini o‘zida birlashtiruvchi “Texnologik xab”ni tashkil etishga kelishdilar. “Texnologik xab“ startap loyihalari mualliflari va ijrochilarini, mazkur startap loyihalarning sohalari bo‘yicha mutaxassislarni jamlashga qaratilgan bo‘lib, TexXabda mavzular bo‘yicha ommaviy tadbirlar, ma'ruzalar, seminarlar, konferensiyalar, shuningdek, ilm-fan va innovatsiyalarni targ‘ib qiluvchi tadbirlar o‘tkaziladi. 

Ko‘proq yangiliklar: