Notarial palata faoliyatini moliyalashtirish manbalari belgilanadi

O‘zbekiston 10:47 / 03.12.2019 2475

Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasi faoliyati tashkil etish to‘g‘risidagi qarori loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.

Qayd etilishicha:

O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasining tashkiliy tuzilmasiga muvofiq Konferensiya Palataning yuqori organi, Boshqaruv – ijro etuvchi organi, Taftish komissiyasi moliyaviy nazorat organi, Etika komissiyasi kasb etikasi qoidalariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish organi hisoblanadi;

O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasining raisi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining taqdimnomasiga binoan Notarial palataning Konferensiyasi tomonidan ushbu Konferensiya saylagan Notarial palata Boshqaruvi a'zolari – notariuslar orasidan besh yil muddatga saylanadi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasida, viloyatlar va Toshkent shahrida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan, O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasi tomonidan tasdiqlanadigan nizomlar asosida faoliyat ko‘rsatadigan O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasining hududiy boshqarmalari tashkil etiladi;

O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasi hududiy boshqarmalarining rahbarlari tegishli hududda faoliyat ko‘rsatayotgan notariuslar orasidan O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasining raisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:

O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasining ta'sis Konferensiyasini o‘tkazsin, unda ustav tasdiqlanishini, Boshqaruv va Taftish komissiyasi shakllantirilishini, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasining raisi saylanishini nazarda tutadi;

O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasining belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta'minlaydi.

Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasi faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilandi:

notariuslarning O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasi Konferensiyasi tomonidan belgilanadigan miqdordagi kirish va a'zolik badallari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa tushumlar.

Ko‘rsatib o‘tilgan mablag‘lardan faqat Palataning ustavdagi faoliyatini amalga oshirish uchun foydalaniladi hamda ular O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasi a'zolari o‘rtasida taqsimlanmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasi huzurida quyidagi fondlar tashkil etiladi:

xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslarning faoliyati davomida yetkazilgan zararni qoplash uchun Kompensatsiya fondi;

notarial faoliyatga ko‘maklashish, notariuslarning ijtimoiy himoyasini ta'minlash uchun Notariuslar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy himoya qilish fondi;

davlat notarial idoralari notariuslari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Davlat notarial idoralar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash fondi.

Mazkur fondlar notariuslarning Notarial palataga a'zolik badalidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan shakllantiriladi hamda ushbu mablag‘lardan belgilangan maqsadlarda oqilona foydalanilishini nazorat qilish Notarial palata tomonidan amalga oshiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: