Lionel Messi: «Ketish vaqti yaqinlashmoqda, buni anglash og‘ir»

Sport 12:00 / 03.12.2019 31821

«Barselona» va Argentina milliy jamoasi hujumchisi Lionel Messi oltinchi bor «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritgandan so‘ng o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

«Men birinchi bor «Oltin to‘p»ni olishga aka-ukalarim bilan 22 yoshimda Parijga kelganimni eslayman. O‘n yil avval ham hozirgiday his edi. Men bu yerda rafiqam, uch o‘g‘lim, akam va jiyanim bilanman. 

Shu vaqtgacha orzu qilishni, o‘sishni, kundan kunga yaxshilanishni va futboldan zavqlanishni to‘xtatmadim. 

Necha yoshda ekanligimni bilaman, ketish vaqti yaqinlashmoqda va bu juda qiyin. Hali oldimda bir necha yil turgan bo‘lsa ham, vaqt o‘tib ketayotgandek tuyuladi. Hammasi juda tez sodir bo‘ladi. Futboldan, oilamdan, raqiblarimdan va hayotimdan zavq olishda davom etaman», – deb 32 yoshli argentinalikning so‘zlarini keltiradi Marca.

«Oltin to‘p»ning 6 karra sohibi yana bir bor Chempionlar ligasida g‘olib bo‘lish hamda Amerika Kubogida zafar quchish istagini bildirgan.

«Men hamisha shaxsiy sovrinlar o‘rniga Chempionlar ligasida yoki Amerika Kubogida g‘olib bo‘lishni afzal ko‘rishim haqida gapirib kelganman. Men hozir 32 yoshdaman. Barchasi o‘zimni qanday his qilishimga bog‘liq. Bugun men har doimgidan ko‘ra tetikman», degan futbolchi.

Lionel Messi bunga qadar 2009, 2010, 2011, 2012 va 2015 yillarda ham Yevropada yilning eng yaxshi futbolchisi sifatida taqdirlangandi. Endi u bu borada beshta sovringa ega bo‘lgan «Yuventus» hujumchisi Krishtianu Ronalduni ortda qoldirmoqda.

«Oltin to‘p» uchun ovoz berish natijalariga ko‘ra argentinalik futbolchi 686 ball to‘plagan, u asosiy raqibi, «Liverpul» himoyachisi Virjiyl van Deykdan atigi 7 ballik farq bilan ustun kelgan. Uchinchi o‘rinni 476 ball bilan Krishtianu Ronaldu band etgan. Kuchli beshlikdan «Liverpul»ning yana ikki futbolchisi o‘rin olgan - Sadio Mane (347 ball) va Muhammad Saloh (178 ball).

Ko‘proq yangiliklar: