Raddiya: Oreshkin O‘zbekiston 2020 yilda YeOIIga qo‘shilishini aytgani haqidagi xabar asossiz bo‘lib chiqdi

O‘zbekiston 23:10 / 02.12.2019 36281

1 dekabr kuni bir qator saytlar, jumladan Kun.uz ham iqtisodchi Behzod Hoshimovga tayanib, Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Oreshkin 30 noyabr kuni Rossiya Oliy iqtisodiyot maktabi talabalari bilan bo‘lgan uchrashuvda O‘zbekiston 2020 yilda Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilishini ma'lum qilgani haqida xabar bergan edi.

Keyinroq, mazkur uchrashuvning to‘liq videosi Youtube portalida paydo bo‘ldi va unda Oreshkin aslo bunday demagani oydinlashdi.

Yuqoridagi videoning 59-daqiqasidan kuzatish mumkinki, talabalardan biri shunday deb so‘ragan:

«O‘zbekiston va Rossiya hukumatlararo komissiyasi rahbari ekaningizni nazarda tutgan holda menda sizga savol bor. 2020 yilda O‘zbekistonda o‘tadigan MDH sammitida O‘zbekiston YeOIIga a'zo bo‘ladi. O‘zbekiston hukumati ayrim imtiyozlarni so‘ragan, chunki O‘zbekiston davlat kompaniyalari Rossiya va Qozog‘iston kompaniyalari bilan raqobat qila olmaydi. Bu imtiyozlar YeEK tomonidan taqdim etiladimi?»

Maksim Oreshkin (hazil ohangida): «Siz O‘zbekiston hukumatiga ishlaysizmi??»

Talaba: «Yo‘q, ishlamayman, lekin u yerda (ya'ni, O‘zbekistonda) xususiy kompaniyalarda tranzaksion xarajatlari yuqori va Moliya vazirligi ularning faoliyatini cheklab qo‘ygan».

Maksim Oreshkin: «Biz o‘zbek hamkasblarimiz bilan (bu masalani) ko‘p muhokama qilamiz. Hozir O‘zbekiston — amalga oshirilayotgan islohotlar nuqtayi nazaridan yetakchi iqtisodiyot bo‘lsa kerak.

Shavkat Mirziyoyev hokimiyat tepasiga kelganida muammolar juda ko‘p edi. Ular hozir hal etilmoqda, bu oson ish emas, ko‘plari hamon saqlanib turibdi. Aslida O‘zbekistonning shu iqtisodiyotiga men 20 yildan so‘ng possovet hududda Rossiyadan keyingi ikkinchi iqtisodiyotga aylana oladigan iqtisodiyot sifatida qarayman. Tez o‘sayotgan 35 million aholi, faol rivojlanayotgan iqtisodiyot.

O‘zbekistonda bo‘lmaganlarning barchasiga, Toshkentga borishni, u yerdan Samarqand va Buxoroga eltuvchi zamonaviy poyezdga minishni tavsiya etaman. Bahorda, talabalar ta'tili chog‘ida O‘zbekistonga borib, tomosha qilishni tavsiya qilaman.

Biz hamkorlarimiz bilan bizning birgalikda rivojlanishimizga imkon beruvchi barcha yechimlarni topamiz».

Ko‘rinib turibdiki, O‘zbekiston 2020 yilda YeOIIga a'zo bo‘lishi haqidagi ta'kid talabaning savolida bor. Biroq, Maksim Oreshkin o‘z javobida bu masalaga umuman to‘xtalmagan.

Kun.uz mazkur xabarni tekshirmasdan e'lon qilgani uchun o‘z o‘quvchilaridan uzr so‘raydi.

Ko‘proq yangiliklar: