Luvr muzeyida O‘zbekiston haqida ko‘rgazma o‘tkaziladi

O‘zbekiston 19:10 / 02.12.2019 2770

2021 yilda jahonning eng yirik san'at muassasalaridan biri Luvr muzeyida (Parij) O‘zbekiston tarixi va madaniyati haqida ko‘rgazma o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi mazkur ko‘rgazma tafsilotlari xususida Kun.uz’ga ma'lumot berdi.

«Buyuk ipak yo‘lida sivilizatsiya va madaniyatlar» nomi ostida yirik masshtabda bo‘lib o‘tadigan ko‘rgazma 2021 yil 21 oktyabrdan 2022 yil 7 fevral sanasiga qadar davom etadi. Buning uchun Luvr muzeyining ko‘rgazmalar zalida 1200 metr kvadrat maydon ajratilgan bo‘lib, bunday ko‘rgazma O‘zbekiston tarixida ilk marta kuzatilmoqda. 

Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Shahnoza Ishmatovaning ma'lumot berishicha, ko‘rgazmada O‘zbekiston tarixi va madaniyati haqida hikoya qiluvchi 310ta eksponat namoyish etiladi. Eksponatlarning 250tasi ko‘rgazma uchun restavratsiya qilinmoqda.

«Ko‘rgazma bilan bog‘liq masalalarni hal qilish uchun o‘zbek, rus, fransuz olimlaridan iborat ilmiy qo‘mita tashkil etilgan. Qo‘mita ishchi guruhi tarkibiga Frans Grene, Fransiz Rishar, Pavel Luire kabi jahonga mashhur madaniyat mutaxassislari, sohaning mahalliy vakillaridan Shokir Pidayev, Jangar Ilsov ham kiritilgan.

Qo‘mita ko‘rgazmaga qo‘yiladigan eksponatlarni tanlash borasida muhokama olib bormoqda. Chunki bu ko‘rgazma eramizdan avvalgi 5 asrdan tortib, eramizning 16 asrigacha bo‘lgan O‘zbekistonning tarixiy davrini jonlantirib berishi, Markaziy Osiyoning qadimgi madaniyati haqida so‘zlab berishi lozim», deydi mutaxassis.

Hozirda ko‘rgazmaga qo‘yiladigan eksponatlarni restavratsiya qilish jarayoni bosqichma-bosqich kechmoqda. Joriy yilning sentabr oyida ilk bosqichi o‘tkazilgan restavratsiya ishlarini Luvr muzeyi xodimlari va mahalliy mutaxassislar hamkorlikda amalga oshirishmoqda. Hozirga qadar Katta Langar Qur'onining 5ta sahifasi, Kofirqal'adan topilgan kuygan panno, Davlat san'at muzeyida saqlanayotgan haykal muvaffaqiyatli tarzda restavratsiya qilingan.

«Restavratsiya qilinmagan eksponatlarni ommaga ko‘rsatib ham, suratga tushirib ham bo‘lmaydi. Umuman olganda, qadimiy eksponatlar haqiqiy tarix va madaniyat haqida to‘liq ma'lumot yetkazib bera olishi uchun ularni to‘g‘ri parvarish qilish talab etiladi. Shu bois restavratsiya ko‘rgazmaga tayyorgarlik jarayonining muhim qismi hisoblanadi. Shuningdek, Luvrda namoyish etiladigan eksponatlar haqida ma'lumotlarni saqlovchi alohida katalog ham ishlab chiqilmoqda. Unda taniqli ekspertlarning har bir eksponat tarixi, ahamiyati haqidagi izohlari, tezislari kiritiladi», deydi Shahnoza Ishmatova.

Alohida qayd etish lozimki, Buyuk ipak yo‘lida sivilizatsiya va madaniyatlar» ko‘rgazmasida hali hech qayerda namoyish etilmagan eksponat ─ Dalvarzintepadan topilgan, 36 kg sof oltindan iborat xazina ham ishtirok etadi. 

Bayon etilishicha, eksponatlarni o‘rash, Parijga yetkazish va O‘zbekistonga qaytarib olib kelish ─ logistika masalalari bilan Luvr muzeyi xodimlaridan iborat jamoa shug‘ullanadi. Obektlar xavfsizligi, shikastlanmasligini ta'minlash maqsadida ularning har biri sug‘urtalanadi. 

Ko‘proq yangiliklar: