«Katta o‘g‘limga Fransiyadan, o‘rtanchasiga sharqiy Osiyodan, kenjamga esa Portugaliyadan taklif bo‘ldi» - Rashidovlarning otasi bilan suhbat

Sport 21:00 / 02.12.2019 114450

Jizzax futboli haqida so‘z borganda, yaqin yillargacha avvalo Davron Fayziyev va Jasur Hasanov kabi milliy terma jamoada to‘p surgan futbolchilar tilga olingan bo‘lsa, bugunga kelib ko‘proq Rashidovlar oilasi e'tirof etiladi. 

Oila boshlig‘i Ixtiyor Rashidovning o‘z vaqtida havaskor futbolchi sifatida yetolmagan orzularini farzandlari ro‘yobga chiqardi, ota bolalarning ilk murabbiyiga aylanib, futbolni tanlashlariga sababchi bo‘ldi. Ayni vaqtda 28 yoshda bo‘lgan Sardor Rashidov «Qatar SK» safida to‘p surmoqda, 26 yoshli Sanjar Rashidov «So‘g‘diyona» klubi sardori va yetakchisi sanaladi, 21 yoshli Sahob Rashidov esa so‘nggi ikki mavsumda Jizzax jamoasi safida 15 o‘yinda maydonga tushib, 2ta gol urishga erishdi.

Kun.uz sayti muxbirlari Jizzaxda bo‘lib, professional futbolchilarning otasi Ixtiyor Rashidov bilan videointervyu uyushtirdi. Suhbat davomida ota o‘z o‘g‘illarining futbolga kirib kelishi, faoliyati va boshqa bir qator savollarga javob berdi.

«Sardorda Xudo bergan iqtidor bor deyishardi»

- To‘ng‘ich o‘g‘lim Sardor bolaligidan to‘pga oshno bo‘lib ulg‘aydi. O‘z vaqtida institutga o‘qishga topshirganim sababli, havaskor futboldan professional futbolchi bo‘la olmaganim bois, katta o‘g‘limni futbolchi qilib tarbiyalashga qiziqa boshladim. 5-6 yoshdan futbol maktabiga olib bordim, murabbiylari uni o‘zidan katta yoshdagi guruhlarga qarshi o‘ynatishsa-da, kichik bo‘lishiga qaramay, yaxshi harakat qilardi. O‘shanda murabbiylarning «o‘g‘lingda Xudo bergan iqtidor bor» deya aytgan gaplari ishonch uyg‘otdi. Shu bilan Sardor futbolga kirishib ketdi. BO‘SMlar o‘rtasidagi viloyatlardagi turnirlarda ham ishtirok etib, gollar urardi, o‘g‘lim haqida yaxshi gaplarni eshitardim. Bora-bora 16 yoshidayoq «So‘g‘diyona» o‘rinbosarlari safidan o‘rin oldi.

O‘shandayoq seleksioner murabbiylar nazariga tushib, Sardorga takliflar tusha boshladi. Dastlab, «Paxtakor»ning 1991 yilgi futbolchilardan iborat jamoasi murabbiyi Jizzaxdagi turnirda Sardorning o‘yinini kuzatib, raqamlarini berib, o‘g‘limni Toshkentga chaqirishga qiziqqandi. Ammo o‘shanda, o‘g‘limning qo‘li singach, bu taklif qolib ketgandi. 

«Qo‘ng‘iroq bo‘lsa, yuragim jiz etardi – Sardorning yana qayeri sinibdi ekan, deb...»

- Sardor ko‘p jarohat olardi. Qo‘lini ikki qismidan sindirib olgandi. So‘ng yelkasi singandi. Shu darajada bo‘ldiki, BO‘SM murabbiylaridan qo‘ng‘iroq bo‘lsa, yuragim jiz etardi - yana qayeri sinibdi ekan, deb. To‘g‘ri, shifoxonaga borardim. O‘g‘illarim ortidan shifoxonalarga ko‘p borganimdan, travmatologlarning hammasi bilan og‘a-ini bo‘lib qolgandim (kuladi). Eslayman, bir safar Sardorni gips bilan uyga qaytarib olib kelsam, darvoza oldida rahmatli otam turibdilar. O‘g‘limni darvozadan kiritgach, menga qarata qo‘llaridagi o‘roqni ko‘tarib, «nimaga bolani buncha qiynaysan, kallangni olaman» deb qattiq gapirgandilar. Nevaramni futbolga berib qiynayapsan, degandilar. Sardor juda ko‘p marta gipsda qaytib kelganidan rahmatli otamning ichi achirdi. Lekin o‘zlari ham futbolni yaxshi ko‘rardilar. 

«Sarkisyan «Neftchi»ga taklif qilgandi»

- 2010 yil faqat «So‘g‘diyona» yoki «Bunyodkor» emas, variantimiz ko‘p edi. Toshkentning «Paxtakor» va «Lokomotiv» jamoalariyam taklif qilgandi. Sarkisyan ham Sardorni «Neftchi»ga olib ketmoqchi bo‘lgandi. O‘shanda «Neftchi»ning obro‘si baland edi, Sarkisyan qiziqish bildirsa, odamlar havas qilardi. Taklif ko‘pligidan rosa ikkilanib, shoshib qolganmiz. O‘sha yillar «Bunyodkor»da o‘ynashni hamma orzu qilardi, Skolari bosh murabbiy, Rivaldo va boshqa braziliyaliklar to‘p surardi. O‘g‘limning transfer huquqi «So‘g‘diyona»ga tegishli bo‘lgani uchun ular «Bunyodkor» bilan kelishishdi. 

«Sardorni jarohatlari bois, futbolchi bo‘lishi qiyin deyishgandi...»

- O‘g‘lim yoshligidan juda ko‘p jarohatlar olardi. 2011 yilda ham «Bunyodkor» safida jiddiy jarohat olgandi. O‘shanda nahotki u orzusiga yeta olmaydi, deya ko‘p o‘ylaganmiz. Jamoa yaxshi shifokorlar topib, to‘lovlarni amalga oshirib davolatgandi. Shunda ham jarohatlari bois, ayrim mutaxassislar «tiklanib futbolchi bo‘lishi qiyin» deyishgandi. O‘shanda Mirjalol Qo‘shoqovich ham «noto‘g‘ri operatsiya bilan shunday iqtidorni yo‘qotib qo‘yamiz» deya jahli chiqib, aytgan ekan rahbariyatga. Sardorning o‘zi ham futbolni tugatishi mumkinligidan ko‘ziga yosh olgandi. Shukrki, o‘sha kunlar ham ortda qoldi.

«Bunyodkor»ga 2 million dollar, «So‘g‘diyona»ga 100 ming dollar to‘lashgandi»

- Sardor qaysi jamoaga o‘tsa, men eng avvalo, o‘sha klub undan rozi bo‘lishini va qandaydir manfaat, foyda ko‘rishini istayman. Haligacha shunday. Shu bois, «Bunyodkor»da ham 5 yil davomida o‘zini yaxshi ko‘rsatib, yakunda xorij klublaridan takliflar tushgach, biz maslahatlashib, «Al-Jaish» variantini tanlagandik. O‘shanda unga Fransiya va boshqa arab klublaridan takliflar bo‘lgandi. «Al-Jaish» klubi «Bunyodkor»ga Sardorning transferi uchun 2 million dollar atrofida pul to‘lagandi. FIFA talabiga ko‘ra, uni tarbiyalagan «So‘g‘diyona»ga ham hech qanday muammosiz umumiy mablag‘ning 5 foizi miqdorida - 100 ming AQSh dollari o‘tkazib berishgandi. 

«Yevropada o‘ynash uchun «Nasional»ning 20 barobar kam bo‘lgan shartlariga ko‘ndi»

- Takliflar tushganda, otasi sifatida birga maslahatlashamiz. Dadasi hal qiladi, dadasi bilan gaplashish kerak, degan narsa yo‘q. Juda ko‘p futbol agentlari bilan muloqotdamiz. Takliflar har doim bo‘ldi. Tanlovning og‘ir tarafi, biz eng avvalo Yevropa variantini tanlardik. Sardor Osiyo klublarida qolishiga muxlislarimiz qanday qaraydi degan savol bizni o‘ylantirardi. Pul uchun deb ko‘p gap eshitardik, ammo pul uchun deya berilgan ta'rif Sardor uchun juda noto‘g‘ri qarash edi. Moliyaviy tarafini o‘ylaganimizda, bilasiz Saudiya klublari futbolchiga xohlagan narsasini beradi. Ammo, biz ularni anchadan buyon xafa qilib, rad etib kelamiz.

Sardor har qanday holatda Yevropaga ketaman deb, Qatar bilan taqqoslaganda 20 barobar kam bo‘lgan moliyaviy shartlarga qaramay, Portugaliyaning «Nasional» klubiga o‘tdi. Bizga «o‘zi nimalar qilyapsizlar?», deganlar ham bo‘ldi, ammo Sardor eng avvalo Yevropada to‘p surish orzusini amalga oshirdi. 

«Nasional» Sardorni qo‘yib yuborishni istamagandi»

- Portugaliya iqlimi Sardorga salbiy ta'sir qildi. Qolaversa, Shengen vizasi bo‘yicha ham muammolar chiqib turdi, oilasini ham olib ketolmadi. Hujjat bois, milliy jamoamiz bilan Xitoyga ham borolmadi. Klub quyi ligaga tushib ketsa, Sardorni qo‘yib yuborishi haqida og‘zaki kelishuvimiz bor edi. Ammo qo‘yib yuborishlari qiyin bo‘ldi. Kompensatsiya to‘lovlari qilingach ham ular hujjatlarni qaytarishni cho‘zib yurishdi. «Nasional» klubi bizdan ketishni istasang, mana shu klublar qiziqyapti deya, Koreya, Turkiya klublari variantlarini aytishdi. Rahbariyat Sardorni qo‘yib yuborishni istamasdi. Hattoki, Portugaliyaning kuchli klublari e'tiborida u, hali o‘tadi, deyishgandi. 

«MTJ ro‘yxati chiqqach, u ham, biz ham jim bo‘lib qolamiz...»

- Har bir futbolchi milliy jamoadan taklif kutadi. Hattoki telefonda gaplashsak ham, termaga chaqirilgan futbolchilar ro‘yxati chiqdimi-chiqmadimi deb so‘rab turadi. Milliy jamoa ro‘yxati chiqqach, biz ham, u ham jim bo‘lib qolamiz. Endi, bu murabbiylar tanlovi. O‘ylaymanki, Sardor milliy jamoamizdan chaqiruv olgach, berilgan imkoniyatni hech qachon ko‘kka sovurgani yo‘q. Imkoniyat ham oxirgi paytlar berilmadi, berishmadi. O‘ziga yarasha sabablari bo‘lsa kerak. 

«Sanjarga Sharqiy Osiyodan, Sahobga Portugaliyaning «Jil Visente» klubidan rasmiy taklif bo‘ldi»

- O‘rtancha o‘g‘lim Sanjar ko‘proq menga emas, onasiga tortgan. Bo‘yi pastroq bo‘lsa-da, bolaligidan maydonda harakatdan to‘xtamasdi. Aynan kurashuvchanligi, harakatchanligi bois, bugunga kelib shu darajaga yetdi. Sanjar hozirda «So‘g‘diyona» sardori va yetakchisi. Unga ham bir qator takliflar, asosan sharqiy Osiyo mamlakatlaridan tushdi. Ammo «So‘g‘diyona»ning ham maqsadlari kattaligi uchun hozircha o‘zimizning klubda to‘p surmoqda. Kenja o‘g‘lim Sahob esa ko‘proq katta akasi Sardorga tortgan. U oldin taekvandoga qatnardi. Ammo keyinchalik futbolni tanladi, u ham «So‘g‘diyona»da to‘p surmoqda.

Yozda Sahobga ham qiziqarli taklif tushdi. Portugaliyaning yuqori ligasi vakili «Jil Visente»dan rasmiy taklif jo‘natishdi. Ular Sardorni kuzatib, Sahobning ham o‘yinlariga qiziqib qolishgan ekan. Bu taklifdan juda xursand bo‘lib turganimizda, Sardorning Portugaliyadagi ishlari aniq bo‘lmay turgani uchun, taklifni sal ortga surib turishimizga to‘g‘ri keldi. Bo‘lmasa 21 yoshli Sahobga ham Portugaliyada o‘ynash imkoniyati bor edi. «Jil Visente» shu yil Primeyraga chiqqan yaxshi klub edi. 

Usmon IBODOV suhbatlashdi.
Tasvirchi: Faxriddin HOTAMOV.

Ko‘proq yangiliklar: