Tahririyatimizga G‘ijduvon tumanida yashovchi aholi vakillaridan murojaat kelib tushdi. Unda aholi tuman poliklinikasi juda xarob binoda joylashgan, zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan ta'minlanmaganidan shikoyat qilgan.
«Tumanimizdagi markaziy poliklinika remontga muhtoj va bir necha yildan buyon yangi bino qurib beriladi, degan gap-so‘zlar yuradi. Tumanimizda ham zamonaviy bino qurilsa, ichida barcha yo‘nalishdagi vrachlar faoliyat ko‘rsatsa, deymiz. Eski binoda joy yetishmaganligidan dermatolog va ginekolog boshqa-boshqa binolarda joylashgan. Bundan tashqari, rentgen, EKG, UZI tekshiruvlari joylashtirilmagan. Shu tufayli kasallar UZI, EKG, rentgen tahlillari uchun xususiy davolash diagnostika markazlariga yuboriladi . Vrachlar sovuq va noqulay holatda ishlamoqda. Endoskopiya apparati o‘tgan asrning 80-yillarida o‘rnatilgan», — deyiladi murojaatda.
Biz mazkur murojaatni o‘rganish uchun G‘ijduvon tuman tibbiyot birlashmasiga bordik. Vaziyatni TTB boshlig‘i Laziz Najmiddinov va Buxoro viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ixtiyor Abdulhaqov bilan birga tahlil qildik.
Abdulhaqovning aytishicha, Buxoro viloyatida barcha tumanlardagi shifoxonalar va poliklinikalar bosqichma-bosqich investitsiya dasturi asosda mukammal ta'mirdan chiqarilib kelinmoqda. Faqat ikkita tumanga navbat yetib kelmagan.
Jumladan, G‘ijduvon tumanida ham 2021 yil davlat investitsiya dasturi asosida 500 qatnovga mo‘ljallangan yangi poliklinika binosi qurilishi rejalashtirilgan. Besh qavatli yangi bino tuman tibbiyot birlashmasi hududida barpo etiladi va barcha zarur tibbiyot uskunalari bilan ham ta'minlanadi. Ushbu yangi poliklinika tumanning 300 mingdan ortiq aholisiga xizmat ko‘rsatadi.
Tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Laziz Najmiddinov chindan ham tibbiyot birlashmasi ta'mirtalab ekanini ta'kidladi. Hozirgacha faqat tez tibbiy yordam ko‘rsatish markazi TTBning budjetdan tashqari, xo‘jalik hisobidagi o‘z mablag‘lari evaziga mukammal ta'mirdan chiqarilgan. Tibbiy tez yordam xizmatida ishlovchi tibbiyot xodimlari uchun barcha sharoitlar muhayyo qilingan. 36 nomdagi tibbiy dori vositalari bilan uzluksiz ta'minlanib turibdi.
Rejaga ko‘ra, tuman tibbiyot birlashmasi ham to‘liq ta'mirdan chiqariladi va zarur zamonaviy uskuna va jihozlar bilan ta'minlanadi.
«Viloyatda 154ta tez tibbiy yordam avtomashinalari xizmat ko‘rsatmoqda. Har bitta tumanda bittadan reanimobil yo‘lga qo‘yilgan», — dedi I.Abdulhaqov.
G‘ijduvonda chindan ham bu borada muammolar borligi, biroq hammasi reja asosida bosqichma-bosqich bartaraf etilishi mutasaddilar tomonidan e'tirof etildi. G‘ijduvonliklar uchun zamonaviy poliklinikani 2021 yilda barpo etish albatta boshlanadi, degan kamoli ishonch bilan qaytdik. Kuzatishda davom etamiz.
Shuhrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz muxbiri