Kremlda Putin va Zelenskiyning uchrashuviga tayyorgarlik ketayotgani ma'lum qilindi   

Jahon 21:20 / 01.12.2019 10584

Rossiya va Ukraina prezidentlari Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiy 9 dekabrda Parijda “normand to‘rtligi” sammiti doirasida ilk bor uchrashadilar. Buni Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov tasdiqladi. Avval ikki yetakchi faqatgina telefon orqali muloqot qilishgan.  

Peskovning ta'kidlashicha, uchrashuv tanishuv ko‘rinishida bo‘ladi, chunki yuzma-yuz muloqot telefon orqali muloqotdan farq qiladi. Ikki davlat rahbarida yangi yilgacha hal qilinishi kerak bo‘lgan masalalar, jumladan “gaz masalasi” mavjud.  

Ta'kidlanishicha, uchrashuvning borishi ikki yetakchining “normand to‘rtligi” sammitidagi ishchi jadvaliga bog‘liq bo‘ladi. Ikki yetakchi “chetga o‘tib 30 daqiqa suhbatlashishlari ham, 1,5 soat muloqot qilishlari ham mumkin”. “Hammasi vaziyatga bog‘liq bo‘ladi”, deb aytgan Putinning yordamchisi Yuriy Ushakov.

Peskovning ta'kidlashicha, Putin va Zelenskiyning uchrashuvi hozirda “normand formatidagi” uchrashuvdan ham muhimroqdir. 

Rossiya, Ukraina, Fransiya va Germaniya yetakchilari 9 dekabrda Parijda uchrashishadi. Ushbu uchrashuvda Putin va Zelenskiydan tashqari, prezident Emmanyuel Makron va kansler Angela Merkel ham ishtirok etadi. Uchrashuvda Donbassdagi vaziyatni tartibga solish muhokama qilinadi. 

Ko‘proq yangiliklar: