Bugun Superliga-2019 yakunlanadi. OChL va ligani tark etuvchi klub nomi ma'lum bo‘ladi

Sport 11:08 / 30.11.2019 9782

Bugun Superliga joriy mavsumining so‘nggi 26-tur uchrashuvlari o‘tkaziladi. Stadionlardagi yettita bahsdan keyin chempionat bayroqlari rasman tushiriladi.

Barcha uchrashuvlar bir vaqt 15:00da boshlanishi rejalashtirilgan. Ko‘pchilik muxlislarning diqqat-eʼtibori Toshkent, Qarshi va Buxorodagi o‘yinlarga qaratiladi.

“Milliy” stadionda “Bunyodkor” va “So‘g‘diyona” OChL yo‘llanmasi va chempionatning bronza medallari uchun kurash olib borishadi. Vadim Abramov va Ulug‘bek Baqoyev shogirdlari o‘rtasidagi uchrashuv shiddatli o‘tishi aniq.

Buxoro va Qarshida esa ligada qolish uchun kurash kechadi. Joriy mavsumda o‘z maydonida bor yo‘g‘i bitta bahsda g‘alaba qozongan “Buxoro” jamoasi so‘nggi turda AGMKga qarshi saf tortadi. Muhsin Muhammadiyev va Mirjalol Qosimov murabbiyligidagi klublar o‘rtasidagi uchrashuv Superligada qoladigan jamoani aniqlab beradi. “Dinamo” Qarshidagi o‘yinda ochko olish bilan birga AGMKning Buxorodan muvaffaqiyat bilan qaytishiga ham umid qilishga majbur. “Dinamo”ning taqdiri eng avvalo “Buxoro”ning o‘yiniga bog‘liq. “Buxoro” va “Dinamo”da hozirda 21 ochkodan mavjud, o‘zaro bahsdagi ustunlik esa buxoroliklar tomonda.

Shuningdek, Samvel Babayan boshchiligidagi “Lokomotiv”ning “Paxtakor”ga qarshi uchrashuvi ham turnir jadvali uchun ahamiyatsiz bo‘lsa-da, ikki jamoa uchun muhim. Qolaversa, Qo‘qonda “vodiy derbisi”, Bekobodda “Metallurg” – “Surxon”, Andijonda “Andijon” – “Qizilqum” uchrashuvlari o‘tkaziladi.

Superliga. 26-tur
30 noyabr, shanba

“Andijon” - “Qizilqum”
Bosh hakam:
 Viktor Serazitdinov

“Lokomotiv” - “Paxtakor”
Bosh hakam:
 Elyor Tursunov

TV-translatsiya: “Oilaviy”
“Nasaf” - “Dinamo”
Bosh hakam:
 Vadim Agishev

TV-translatsiya: “Mahalla”
“Buxoro” - AGMK
Bosh hakam:
 Jasur Muxtorov

TV-translatsiya: “Dunyo bo‘ylab”
“Metallurg” - “Surxon”
Bosh hakam:
 Ravshan Abduvohidov

“Qo‘qon-1912” - “Navbahor”
Bosh hakam:
 Zokir Qodirov

“Bunyodkor” - “So‘g‘diyona”
Bosh hakam:
 Temur To‘xtasinov
TV-translatsiya: “Sport”

Ko‘proq yangiliklar: